Ichki ishlar vazirligi akademiyasiga Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Shin Myong Sop boshchiligida mazkur tashkilot vakillari tashrif buyurdi.
Janubiy Koreya O‘zbekistonning tarix sinovidan o‘tgan hamkorlaridan biri sanaladi. Keyingi yillarda ikki tomonlama munosabatlar yuksak ishonch ruhida rivojlandi. Ayni paytda davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik alohida strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan. Ta’lim, yashil energetika, raqamli texnologiyalar va boshqa muhim sohalarda amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalarda Koreya xalqaro hamkorlik agentligi faol ishtirok etib kelmoqda.
Xalqaro tashkilot vakillarining tashrifi akademiya faoliyati bilan tanishuvdan boshlandi. Mehmonlarga ta’lim jarayonlari, xususan, bakalavriat va magistratura bosqichiga tatbiq qilingan ilg‘or yondashuvlar, akademiyaning zamonaviy infratuzilmasi, shuningdek, axborot-resurs markazi, sport majmuasi, ma’naviyat va ma’rifat markazining imkoniyatlari xususida batafsil ma’lumot berildi.
Shundan so‘ng KOICA va akademiya rahbarlari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqot avvalida tomonlar O‘zbekiston va Janubiy Koreya xalqlarini tarixiy yaqinlik, o‘xshash madaniyat va qadriyatlar bog‘lab turishini, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar bugungi kunda yangi bosqichga ko‘tarilganini alohida e’tirof etishdi.
– O‘zbekistonning yaqin hamkori sifatida mamlakatingizda amalga oshirilayotgan islohotlarni katta qiziqish bilan kuzatib boramiz. So‘nggi yillarda jadal o‘zgarishlar ro‘y berganiga guvoh bo‘lib turibmiz. Bunga, avvalo, O‘zbekistonda olib borilayotgan ochiqlik siyosati, investitsion muhitning yaxshilangani tufayli erishildi, deb bilaman. Shu bois, hamkorlik ko‘lamini kengaytirishdan manfaatdormiz, – dedi KOICAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Shin Myong Sop.
Akademiya boshlig‘i mehmonlarni qutlar ekan, o‘zaro munosabatlarimiz asosi azaliy do‘stlik, samimiy hurmat va o‘zaro ishonch tamoyilariga qurilganini alohida qayd etdi.
– Tashrifingizni ko‘p qirrali hamkorlik sari tashlangan muhim qadam sifatida qabul qilamiz, – dedi akademiya boshlig‘i Rustam Xatamov. – Mamlakatlarimiz o‘rtasida barcha sohalar, ayniqsa, ta’lim sohasida hamkorlik bo‘yicha katta tajriba to‘plangan. Bugungi kunda akademiyamiz xorijning yetakchi oliygohlari qatorida Koreya milliy politsiya universiteti bilan ham samarali tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘ygan. O‘ylaymanki, samimiy muloqotimiz davomida erishilgan kelishuvlar hamkorligimizni yanada mustahkamlaydi.
Uchrashuv davomida Koreya xalqaro hamkorlik agentligi ko‘magida ta’lim samaradorligini oshirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish, ikki mamlakatning turdosh oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida aloqalarni kengaytirish va boshqa dolzarb yo‘nalishlar muhokama qilindi. KOICA vakillari o‘quv dargohida amalga oshirilayotgan yangilanishlarni e’tirof etib, hamkorlikka tayyor ekanliklarini bildirdilar.
IIV akademiyasi Axborot xizmati