Aprel oyining birinchi o‘n kunligida yurtimiz bo‘ylab “Kitobxonlik haftaligi” o‘tkaziladi.
IIV Akademiyasi tashabbusi bilan Piskent tumanidagi 79-sonli imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatda ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirda maktab-internat direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Dilfuza Usmonova, Akademiyaning Tezkor-qidiruv faoliyati kafedrasi o‘qituvchisi, kapitan Odilbek O‘rinov so‘z olib, kitob va kitobxonlikning inson hayotida tutgan o‘rni, muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni yanada ommalashtirish borasida amalga oshirilayotgan xayrli ishlar haqida to‘xtalib o‘tishdi.
Kitob – bilimlar manbayi, ma’naviyat sarchashmasi bo‘lib, usiz hech bir jamiyat taraqqiyotga yuz tutmasligi, o‘sib kelayotgan yosh avlodni yetuk bilimli, kasb-hunar egasi etib voyaga yetkazish ta’lim-tarbiya fidoyilari zimmasidagi sharafli va mas’uliyatli burch ekanligi ta’kidlandi.
Tadbir yakunida IIV Akademiyasi tomonidan o‘quv maskani tarbiyalanuvchilariga turli badiiy adabiyotlar sovg‘a qilindi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati