Shu kunlarda Ichki ishlar vazirligi hamda Milliy gvardiyaning hududiy bo‘linmalari va harbiy okruglar boshqaruv apparatlari xodimlari uchun jamoat xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv kurslari bo‘lib o‘tmoqda.
Qisqa muddatli o‘quv kurslari “barcha sa’y-harakatlar inson qadri uchun” degan ustuvor g‘oya asosida amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini oshirish, jamiyatda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, qonunga itoatkorlik madaniyatini shakllantirish, jamoat xavfsizligini ta’minlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha tizim xodimlarining malakasini oshirish maqsadida tashkil etildi.
Ichki ishlar vazirligi akademiyasi o‘quv bazasida o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlarda “Jamoat xavfsizligi tizimini psixologik ta’minlash”, “Jamoat tartibiga tajovuz qiluvchi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlikni ta’minlashni tashkil etish”, “O‘zbekiston Respublikasida jamoat tartibi va xavfsizlgini ta’minlash tizimi va faoliyatining huquqiy asoslari”, “Jamoat xavfsizligi tizimida axborot-tahlil ishi”, “Jamoat xavfsizligi tizimida axborot xavfsizligini ta’minlash”, “Mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va mudofaa xavfsizligini ta’minlashning jamoat xavfsizligidagi ahamiyati”, “Transport va turizm ob’ektlarida xavfsizlikni ta’minlashni tashkil etish”, “Ommaviy tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish vaqtida jamoat tartibini saqlash hamda xavfsizlikni ta’minlashni tashkil etish”, “Favqulodda vaziyatlar va ommaviy tartibsizliklarning oldini olish, murakkab sharoitlarda jamoat xavfsizligini ta’minlashni tashkil etish” kabi mavzular qamrab olingan.
Bundan tashqari, tinglovchilar seminar va amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etib, Toshkent shahar IIBB JXX Jamoat tartibini saqlash boshqarmasi patrul-post xizmati brigadasi faoliyati bilan tanishadilar.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati