Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Yangi O‘zbekistonda “Inson qadri uchun” degan ezgu tamoyil asosida olib borayotgan islohotlarimizni hayotga muvaffaqiyatli joriy etishda ichki ishlar tizimi xodimlari davlatimiz va jamiyatimizning mustahkam tayanchi bo‘lib xizmat qilmoqda”, deb alohida qayd etdilar.
Darhaqiqat, o‘z hayotini el-yurt osoyishtaligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishdek olijanob ishga bag‘ishlagan soha xodimlarining xizmati hamisha mashaqqatli. Ichki ishlar vazirligi akademiyasida o‘tkazilgan bayram tadbirida sharafli kasb egalarining faoliyati e’tirof etildi.
O‘quv dargohi boshlig‘i, polkovnik Rustam Xatamov yig‘ilganlarni qizg‘in muborakbod etib, davlatimiz rahbarining ichki ishlar organlari xodimlari va faxriylariga yo‘llagan bayram tabrigini o‘qib eshittirdi.
Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda ichki ishlar organlarini xalq manfaatlariga xizmat qiladigan xalqchil tuzilmaga aylashtirish borasida tizimli islohotlar amalga oshirildi. Natijada, jinoyatchilikni jilovlash va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, fuqarolarni tashvishga solayotgan muammo va masalalarni joyida hal etishning samarali mexanizmlari yaratildi.
– Bayram tabrigida “Qonun – ustuvor, jinoyatga jazo muqarrar” degan qoidani hayotga tatbiq etishda, avvalo, ichki ishlar xodimlarining o‘zlari barchaga o‘rnak va namuna bo‘lishlari zarurligi alohida ta’kidlandi. Bu esa soha xodimlarining kasbiy va ma’naviy-axloqiy dunyoqarashini yanada yuksaltirishni talab etadi. Shu ma’noda, ta’lim sifatini takomillashtirish, zamonaviy bilim va ko‘nikmaga ega, Vatan va xalq manfaatlarini shaxsiy manfaatlardan ustun qo‘yadigan, kasbiga sadoqatli kadrlarni tayyorlash masalalari faoliyatimizning ustuvor vazifalari bo‘lib qoladi, – dedi Akademiya boshlig‘i.
Tadbirda samarali xizmatlari uchun bir guruh xodimlarga Ichki ishlar vazirligining idoraviy mukofotlari tantanali ravishda topshirildi. Akademiya badiiy havaskorlik jamoalari hamda taniqli san’at namoyandalari ishtirokidagi konsert dasturi barchaga bayramona kayfiyat bag‘ishladi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati