Bugun IIV Akademiyasida “Ichki ishlar organlari uchun kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimi: muammo va istiqbollari” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumki, ichki ishlar organlari tizimida amalga oshirilgan tub islohotlar davrida soha uchun yetuk malakali kadrlar tayyorlash masalasiga ham ustuvor e’tibor qaratilmoqda. Bu borada davlatimiz rahbarining “Ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” hamda “Ichki ishlar organlari uchun professional kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari asosida amaliyotga samarali mexanizmlar tatbiq qilindi. Xususan, Ichki ishlar vazirligining 14 ta idoraviy akademik litseyi, “Temurbeklar maktabi” hamda ixtisoslashgan maktab-internat faoliyati yo‘lga qo‘yildi. IIV Akademiyasida bakalavriat va magistraturani o‘z ichiga oluvchi ikki bosqichli oliy ta’lim tizimi joriy qilindi. Bundan tashqari, tizim uchun kadrlar tayyorlashni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida “uzluksiz o‘quv-karera” jarayoni yo‘lga qo‘yildi.
Konferensiyada ichki ishlar organlari uchun professional kadrlar tayyorlashning hozirgi holati va istiqbollari qizg‘in muhokama qilindi. So‘zga chiqqanlar “Ichki ishlar vazirligi akademik litseylarida huquqiy fanlarni o‘qitish”, “Ichki ishlar organlariga rahbar kadrlar tayyorlashning dolzarb masalalari”, “Ichki ishlar organlari uchun huquqshunos kadrlar tayyorlashning kunduzgi shakli: muammolar va uning yechimlari”, “Sirtqi ta’lim shaklida mutaxassis kadrlar tayyorlashning bugungi holati va istiqbollari”, “Kadrlarni boshlang‘ich kasbiy tayyorlashda “uzluksiz o‘quv kar’era” tizimining asosiy jihatlari”, “Ichki ishlar organlari uchun kadrlar tayyorlashda buyuk ajdodlarimiz boy merosining yuksak ahamiyati” mavzuida ma’ruza qilishdi.
Vazirlik tasarrufidagi o’quv muassasalari vakillari, tadqiqotchi va mutaxassislar, amaliyot xodimlari ishtirok etgan konferensiyada ta’lim samaradorligini oshirishning ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan qator taklif hamda tavsiyalar bildirildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati