IIV Akademiyasi magistraturasining “tashkiliy-taktik boshqaruv” yo‘nalishida ta’lim olayotgan tinglovchilar ayni kunlarda bitiruvoldi malakaviy amaliyotga jalb qilingan.
Vazirlik tarkibiy tuzilmalari hamda hududiy bo‘linmalarida tashkil etilayotgan amaliyot davrida tinglovchilarga bevosita birinchi rahbarlar murabbiy etib biriktirilgan. Bunda tinglovchilarning amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash, ularda ichki ishlar organlari faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirishga oid boshqaruv fazilatlarini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bundan tashqari, tinglovchilar joylardagi sektor va mahalla fuqarolar yig‘inlarida bo‘lib, alohi bilan samarali ishlash, hududlarni rivojlantirish, jamoat tartibini saqlash, ijtimoiy profilaktikani amalga oshirish, jinoyatchilikni jilovlash bo‘yicha hududlar tajribasini o‘rganib, o‘qish davomida egallagan nazariy bilimlarini qo‘llab kelayaptilar.
Magistratura tinglovchisi, podpolkovnik Nilufar Giyasovaning aytishicha, ta’lim jarayonida interfaol yondashuvlar asosida olib borilgan mashg‘ulotlar, ayniqsa boshqaruv mahoratini shakllantirishga qaratilgan o‘quv kurslari malakaviy amaliyot davomida zarur kasbiy bilim va ko‘nikmalarni namoyon etishga xizmat qilmoqda.
Aytish joizki, joriy yilning 3-iyuniga qadar davom etadigan amaliyot yakunlari bo‘yicha har bir tinglovchidan sinov qabul qilinadi. Mazkur sinov natijasi asosida ular yakuniy davlat attestatsiyasi va magistrlik dissertatsiyasi himoyasiga qo‘yiladi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati