Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Jinoyatchilikni jilovlash – dolzarb vazifa

03 Fevral 2025, 10:02

60

Mahallalarni jinoyatdan xoli hududga aylantirish borasidagi ishlar Toshkent viloyatida ham qizg‘in pallaga kirgan.

Shu kunlarda IIV akademiyasi ishchi guruhi Qibray tumani va Chirchiq shahrida o‘rganishlar olib bormoqda. Tajribali professor-o‘qituvchilar kriminogen vaziyati murakkab mahallalarga chiqib, jinoyatchilikning sabab va sharoitlarini o‘rganishmoqda.

Huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati kafedrasi boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik Mansur Qurbonov davlatimiz rahbarining mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini oshirish borasidagi qarorining muhim ahamiyatiga to‘xtalib, shunday dedi:

– Prezidentimiz qarori bilan jinoyatchilikni jilovlashga qaratilgan ishlar yangi bosqichga ko‘tarildi. O‘rganishlar jarayonida nafaqat huquqbuzarliklarning asl omillariga, balki jinoyat sodir etilgan hududning o‘ziga xos xususiyatlariga ham alohida e’tibor qaratyapmiz. Shu asosda “jinoyat o‘choq”lari shakllantirilib, kelgusidagi vazifalar belgilab olinmoqda.

Ishchi guruh tomonidan shu kungacha 20 dan ortiq mahalla o‘rganildi. Sodir etilgan jinoyatlar ilmiy-amaliy yondashuvlar asosida tahlil qilinib, kriminogen vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillar aniqlandi. Shu bilan birga, “mahalla yettiligi” tizimi vakillari bilan jinoyatchilikka imkon berayotgan sabab va sharoitlarga barham berish yuzasidan chora-tadbirlar ishlab chiqildi. O‘rganishlar izchil davom etmoqda.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech