Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Jinoyat qonunchiligi muhokama qilindi

20 Iyun 2024, 04:06

557

Ichki ishlar vazirligi akademiyasida jinoyat qonunchiligining dolzarb masalalariga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Unda qonun ijodkorlari, sud-huquq tizimi vakillari, yurtimizning yetakchi oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot muassasalaridan olim hamda ekspertlar, shuningdek, onlayn formatda xorijiy mutaxassislar ishtirok etdi.

Anjumanni akademiya boshlig‘i Rustam Xatamov kirish so‘zi bilan ochib, mazkur sohada amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarga to‘xtaldi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda amaldagi qonunchilikni lebarallashtirish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, ilgari milliy qonunchiligimizda mavjud bo‘lmagan ayrim turdagi jinoyatlar hamda majburiy mehnatga qarshi javobgarlikning amaliyotga tatbiq etilgani, o‘ndan ortiq moddalar shaxsni javobgarlikdan ozod qilishga qaratilgan rag‘batlantiruvchi normalar bilan to‘ldirilgani, jinoiy javobgarlikning minimal 14 yoshdan belgilanib, “qamoq” jazosining bekor qilingani shular jumlasidandir.

Anjumanda  Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi va boshqa tashkilotlar vakillari so‘zga chiqdi. “Jinoyat qonunchiligini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari”, “Jinoyat-huquqiga oid ilmiy-nazariy g‘oyalarni amalda qo‘llashning dolzarb muammolari: fan, qonunchilik va amaliyot”, “Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari va psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishdan iborat jinoyatlarga qarshi kurashishning jinoyat-huquqiy choralarini takomillashtirishning dolzarb masalalari” hamda boshqa dolzarb mavzularda ma’ruzalar tinglandi. Soha mutaxassislarining fikr-mulohazalari asosida jinoyat qonunchiligini takomillashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Ilmiy-amaliy anjumanda huquqshunoslik ilm-fani rivojiga katta hissa qo‘shgan olimlarning mehnati ham e’tirof etildi. Shular qatorida soha uchun ko‘plab shogirdlar yetishtirgan, samarali ilmiy-pedagogik faoliyati bilan o‘ziga xos maktab yaratgan professor Rustam Kabulov tabarruk yetmish yoshi bilan qutlandi. Tajribali ustoz boshlab bergan an’analar ilm-fanda yangi ufqlarni ochishi ta’kidlandi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech