IIV akademiyasiga Koreya milliy politsiya agentligi va ta’lim muassasalari vakillaridan iborat delegatsiya tashrif buyurdi.
O‘zbekiston va Koreya Respublikalari o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik doirasida amalga oshirilgan tashrif avvalida mehmonlar akademiya faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Delegatsiya a’zolariga ta’lim jarayonlari, bakalavriat va magistratura bosqichlari, professional kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan mutaxassislik yo‘nalishlari, akademiyaning moddiy-texnika bazasi va zamonaviy imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi. Kriminalistik ekspertizalar kafedrasi bilan tanishish asnosida mehmonlar nazariy va amaliy mashg‘ulot xonalari, maxsus laboratoriyalar hamda o‘quv tezkor-tergov guruhi uchun mo‘ljallangan texnik vositalarga alohida qiziqish bildirdilar.
O‘zaro muloqot chog‘ida ta’limdagi ilg‘or yondashuvlar bo‘yicha tajriba almashish, raqamli kriminalistika yo‘nalishida o‘quv kurslarini tashkil etish, ilmiy-amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalarida fikr almashildi. Xorijiy mehmonlar ikki tomonlama aloqalar rivojlanib borayotganini e’tirof etib, hamkorlikni mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Eslatib o‘tamiz, yurtimizga tashrif davomida koreyalik mutaxassislar Ichki ishlar vazirligi va Toshkent shahar IIBBdagi ekspert-kriminalistika markazlari faoliyati bilan tanishib, Malaka oshirish institutida ekspert-kriminalistlar va professor-o‘qituvchilar uchun interfaol mashg‘ulot o‘tkazadilar.
IIV akademiyasi Axborot xizmati