IIV Akademiyasi professor-o‘qituvchilari tomonidan Yunusobod tumani IIO FMBda targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
Sohaviy xizmatlar rahbarlari va profilaktika inspektorlari ishtirok etgan tadbirda huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashishda “fuqarobay” ishlash bo‘yicha “O‘rikzor” mahallasi misolida yaratilgan metodik qo‘llanmaning mazmun-mohiyati atroflicha tushuntirildi.
So‘zga chiqqanlar “fuqarobay” ishlash orqali kriminogen vaziyatni yaxshilash, bunda sektor rahbari, mahalla raisi, profilaktika inspektori, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faolining vazifalari, aholi muammolarini o‘rganish va hal etish, jinoyatchilikning o‘sishiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillar haqida to‘xtalib, soha vakillarini qiziqtirgan savollarga javob berishdi.
***
Poytaxtning Chilonzor tumanidagi “Do‘mbirobod” MFYda tashkil etilgan uchrashuv mahalla faollari uchun ayni muddao bo‘ldi.
Ochiq muloqot ruhida o‘tgan tadbirda davlatimiz rahbarining “Aholiga narkologik yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori haqida tushuncha berildi. IIV Akademiyasi vakillari tomonidan mazkur qarorning mazmun-mohiyati, unda belgilangan vazifalarni mahalla miqyosida faol tatbiq etish, aholi, xususan yoshlar va xotin-qizlar o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirish, bu borada Toshkent shahar Uchtepa tumani “O‘rikzor” mahallasi misolida yaratilgan “fuqarobay” ishlash metodikasini yanada ommalashtirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
***
IIV Akademiyasining Jinoyat huquqi kafedrasi tashabbusi bilan kafedrasi qoshidagi “Adolat” iqtidorli kursantlar to‘garagi a’zolari uchun davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirda giyohvandlik vositalari, ularning analoglari va psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishdan iborat jinoyatlar, unga qarshi javobgarlik, xususan, milliy va xalqaro qonunchilikning muhim jihatlari tahlil qilindi. Kursantlar so‘z olib, bu turdagi jinoyatlarning sodir etilish sabab va sharoitlari hamda ularning oldini olish chora-tadbirlari haqida fikrlarini bildirdilar.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati