IIV Akademiyasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining o‘ttiz bir yilligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘tkazildi.
Ilmiy-amaliy konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Bosh prokuratura, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Prezident huzuridagi iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi vakillari, mamlakatimiz hamda Rossiya, Qozog‘iston va Tojikistonning yetakchi oliy ta’lim muassasalari mutaxassislari, mahalliy va xorijiy ekspertlar ishtirok etdi.
Tadbir avvalida ta’lim muassasasi boshlig‘i o‘rinbosari Rutfullo Nigmatov so‘z olib, yangi tahrirdagi Konstitutsiya qabul qilinishining tarixiy zarurati va ustuvor ahamiyatiga to‘xtaldi.
E’tirof etilganidek, yangilangan Konstitutsiya mamlakatimiz taraqqiyotining hozirgi bosqichida Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi huquqiy asoslarni yanada mustahkamladi. Asosiy qonunda fuqarolar huquq va manfaatlari himoyasi kuchaytirildi, davlat qurilishining yangi strategik maqsadi ijtimoiy davlat qurish ekanligi belgilab berildi. Inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning mutlaqo yangi mexanizmlarini nazarda tutuvchi konstitutsiyaviy asoslar yanada mustahkamlandi. Eng muhimi, davlatimizda inson manfaatlari ustuvorligini o‘zida ifoda etadigan “inson – jamiyat – davlat” prinsipi mustahkamlandi.
Konferensiyada “Konstitutsiya – qonun ustuvorligining muhim mezoni va uzviy sharti”, “Yangi Konstitutsiya, fan va konstitutsiyaviy huquqni rivojlantirishning konseptual masalalari”, “O‘zbekistоn – ijtimoiy davlat”, “Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va jamiyatdagi manfaatlari: o‘zaro bog‘liqlik va mutanosiblik muammolari”, “Yangi Konstitutsiyaning iqtisodiy jihatlari”, “Konstitutsiya – fuqarolarning huquq va erkinliklari manbaidir”, “Ichki ishlar organlarining inson huquqlarini himoya qilish faoliyati” hamda boshqa mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
Soha vakillari, yurtimiz va xorijiy olimlar tomonidan davlatning huquqiy asoslarini mustahkamlashda konstitutsiyaviy islohotlarning o‘rni, bu borada xalqaro va milliy tajribaning muhim jihatlari haqida fikr-mulohazalar bildirildi.
ИИВ Академияси Ахборот хизмати