Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

YANGI TARAQQIYOT YO‘LIMIZNING MUSTAHKAM HUQUQIY ASOSI

09 Dekabr 2021, 09:12

1750

Prezidentimiz O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan bayram tabrigida: “Hayotimiz qomusi bo‘lgan Konstitutsiyamiz mustaqillik yillarida erishgan barcha yutuq va marralarimizning mustahkam huquqiy poydevori bo‘lib kelayotganini hammamiz yaxshi bilamiz va yuksak qadrlaymiz”, deya alohida ta’kidladi.

Darhaqiqat, har bir davlat o‘z istiqloli va taraqqiyot yo‘lini tanlar ekan, birinchi navbatda, xalq farovonligini ta’minlashga xizmat qiladigan eng muhim maqsad hamda vazifalarini o‘z Konstitutsiyasida mustahkamlab oladi. 1992-yil 8-dekabrda qabul qilingan Asosiy qonunimizda mustaqil davlatimiz fuqarolarining huquq va erkinliklari, boshqaruvning demokratik prinsiplari, jamiyat rivojlanishining strategik yo‘nalishlari mustahkam kafolatlandi. 

Ichki ishlar vazirligi akademiyasida ta’lim muassasasi rahbariyati, professor-o‘qituvchilar va o‘quv kurslari kursantlari ishtirokida o‘tkazilgan bayram tadbirida Bosh Qomusimizning hayotbaxsh qudrati va ulkan salohiyati e’tirof etildi. 

– Yurtimizda kechayotgan islohotlarning uzviyligi va davomiyligini ta’minlash maqsadida “Harakatlar strategiyasidan – taraqqiyot strategiyasi sari” degan ulug‘vor tamoyil hayotimizga chuqur tatbiq etilmoqda, – dedi Akademiya boshlig‘i, polkovnik Rustam Xatamov. – Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida shaxs, inson qadri yuqori o‘ringa qo‘yilib, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev belgilab bergan “inson – jamiyat – davlat” degan yangi tamoyil asosida davlat va jamiyat boshqaruvini tashkil etish ustuvor vazifa etib belgilandi. Yurtimizda yashayotgan har bir fuqaroning farovonligini ta’minlash, Bosh Qomusimizda o‘z aksini topgan inson qadr-qimmatini yuksak darajada ulug‘lash mamlakatimizda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan ulkan islohotlarning amaliy natijasidir.

Tantanali tadbirda Konstitutsiyamiz mohiyatiga chuqur singdirilgan xalqchil tamoyillar taraqqiyot yo‘limizning har bir bosqichida muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotgani e’tirof qilindi. Mamlakatimizni yanada taraqqiy toptirish, demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, inson huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish, shuningdek ichki ishlar organlarining faoliyat samaradorligini oshirishda Asosiy Qonunimiz mustahkam poydevor ekanligi alohida ta’kidlandi.

Bayram munosabati bilan soha uchun professional kadrlar tayyorlash, yoshlarning kasbiy hamda ma’naviy-axloqiy fazilatlarini yuksaltirishda jonbozlik ko‘rsatayotgan bir guruh professor-o‘qituvchilar, shuningdek mamlakatimiz va xalqaro maydonlarda yuqori natijalarga erishgan hamda namunali xulqi, a’lo o‘qishlari va jamoat ishlaridagi faolligi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgan kursantlar Akademiya boshlig‘ining buyrug‘i bilan taqdirlandi.  

 

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech