Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

JAMOAT XAVFSIZLIGI BO‘YICHA GLOBAL FORUM

23 Sentyabr 2023, 11:09

913

20-21-sentyabr kunlari Xitoyning Lyanyungan shahri jamoat xavfsizligi bo‘yicha global hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan yirik xalqaro forumga mezbonlik qildi.

Jahonning ellikdan ortiq davlatlari huquqni muhofaza qiluvchi organlari, qator xalqaro tashkilotlar hamda turdosh oliy ta’lim muassasalari vakillari, mahalliy va xorijiy ekspertlar ishtirok etgan forumda xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, zamonaviy tahdidlarga qarshi kuch va imkoniyatlarni birlashtirish, hamkorlikning yangi tamoyillarini ishlab chiqish masalalari, mavjud muammolar va ularni hal qilishning samarali yechimlari atroflicha muhokama qilindi.

Forum avvalida XXR jamoat xavfsizligi vaziri Van Syaoxun so‘z olib, jahonning turli mintaqalarida jiddiy inqiroz va nizolar kuzatilayotgan murakkab davrda global xavf-xatarlarga qarshi birgalikda kurashish, bu borada xalqaro hamkorlikni muvofiqlashtirish, o‘zaro faol tajriba almashish va ilg‘or yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etish muhimligini ta’kidladi.

Global forumda Interpol xalqaro tashkiloti bosh kotibi Yurgen Shtok, shuningdek Malayziya, Misr, JAR, Kambodja, Pokiston davlatlari ichki ishlar vazirlari, Rossiya, Belarus, BAA, Xitoy, Qozog‘iston, Ozarbayjon va boshqa mamlakatlar vakillari so‘zga chiqib, teng manfaatli aloqalarni mustahkamlash, hamkorlikning yangi tamoyillarini asosida barqaror rivojlanishni ta’minlash masalalariga to‘xtalib o‘tdilar. Shu kunning o‘zida forum ishi sessiya formatida davom ettirildi.

Forumning ikkinchi kuni “Global xavfsizlik muammolari va politsiya ta’limi salohiyatini oshirish” mavzuiga bag‘ishlandi.  Unda O‘zbekiston, Xitoy, Saudiya Arabistoni, Pokiston, Eron, Filippin, Serbiya, Albaniya, Argentina va boshqa davlatlarning turdosh oliy ta’lim muassasalari rahbarlari o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi. IIV Akademiyasi boshlig‘i Rustam Xatamov o‘z nutqida jahondagi geosiyosiy jarayonlar fonida ta’lim integratsiyasini kuchaytirish va ko‘p vektorli hamkorlik platformasini yaratish dolzarb xususiyat kasb etayotganini ta’kidladi. Shuningdek forum maqsadlariga qaratilgan konstruktiv tashabbuslarni ilgari surdi.

Aytish joizki, ikki kunlik forum doirasida hamkor davlatlar ta’lim muassasalari vakillari o‘rtasida ikki tomonlama manfaatli uchrashuvlar ham bo‘lib o‘tdi. Xususan, IIV Akademiyasi boshlig‘ining Xitoy Jamoat xavfsizligi universiteti prezidenti Sao Shisyuan hamda Chjenchjou politsiya kolleji boshlig‘i o‘rinbosari Lyu Ping bilan o‘tkazgan uchrashuvida hamkorlik aloqalarining bugungi holati va istiqbollari ustuvor ahamiyat kasb etdi. Tomonlar O‘zbekiston va Xitoy munosabatlarining yuksalish dinamikasiga yuqori baho berib, zamonaviy ta’limning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zaro tajriba almashinuvini kengaytirish zarurligini ta’kidlab o‘tdilar.

Bundan tashqari, Gonkong, Argentina, Eron, Saudiya Arabistoni ta’lim muassasalari bilan istiqbolli aloqalarni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.  

Xulosa qilib aytganda, global forumda mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalarning yechimlariga qaratilgan ko‘plab tashabbuslar ilgari surildi. Ko‘p qirrali hamkorlikni “yuqori ishonch va teng manfaatli taraqqiyot” tamoyili asosida yanada ravnaq toptirish barqaror rivojlanishga xizmat qilishi e’tirof etildi.

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech