Yangi o‘quv haftasi oldidan Ichki ishlar vazirligi akademiyasi saf maydonida o‘tkazilgan tantanali tadbirda o‘quv muassasasi rahbariyati, shaxsiy tarkib a’zolari va kunduzgi ta’lim kursantlari ishtirok etdi.
Tadbirda Akademiya boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, polkovnik Muzaffar Ziyodullayev so‘zga chiqib, yoshlarga oid davlat siyosatini izchil amalga oshirish borasidagi izchil chora-tadbirlarga to‘xtaldi.
Ma’lumki, Prezidentimizning “Ichki ishlar organlari uchun professional kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida o‘quv dargohida samarali mexanizmlar joriy etildi. Ta’lim jarayoni isloh qilinib, o‘qitishning ilg‘or yondashuvlari yo‘lga qo‘yildi. Kursantlarning kasbiy salohiyati va ma’naviy-axloqiy fazilatlarini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilib, professional kadrlar tayyorlash tizimi tubdan takomillashtirildi.
Iqtidorli kursantlar kengashi yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning tashabbus va istaklarini ro‘yobga chiqarish maqsadida tashkil qilingan edi. Endilikda kengash a’zolari uchun alohida ko‘krak nishoni ham ta’sis etildi. Tadbirda o‘zining bilim salohiyati, intellektual dunyoqarashi, fidoyiligi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgan 55 nafar o‘g‘il-qizga “Iqtidorli kursant” ko‘krak-nishoni topshirildi.
– Kuni kecha Akademiya boshlig‘i kengash a’zolari bilan uchrashib, yoshlarga ulkan ishonch bildirdilar, – deydi 2-bosqich kursanti Malika O‘rmonova. – Qizg‘in muloqot davomida taklif va mulohazalariz muhokama qilindi, dolzarb masalalarning yechimi borasida fikr almashdik. Ochig‘i, zimmamizdagi ulkan vazifalardan ruhlanib, marrani yanada balandroq oldik. Biz, Yangi O‘zbekiston yoshlari zamonaviy imkoniyatlarga yuksak bilim olish yo‘lidagi munosib yutuqlar bilan javob berishimiz kerak.
Shu kuni nufuzli sport musobqalarida sovrinli natijalarga erishgan bir guruh kursantlar ham tantanali ravishda rag‘batlantirildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati