Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

ISTIQBOLLI HAMKORLIK MASALALARI MUHOKAMA QILINDI

16 Noyabr 2024, 07:11

253

Yurtimizga Xitoy Xalq Respublikasi Pekin politsiya kolleji prezidenti Vu Vey boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.

Xitoylik mehmonlar dastlab Ichki ishlar vazirligi akademiyasi faoliyati bilan tanishdilar. Delegatsiya vakillariga zamonaviy ta’lim jarayonlari, bakalavriat va magistratura bosqichining o‘ziga xos xususiyatlari, professional kadrlar tayyorlashga qaratilgan ilg‘or yondashuvlar, akademiyaning ilmiy salohiyati va xalqaro hamkorlik aloqalari haqida ma’lumot berildi.

Axborot-resurs markazi, o‘quv binolari, ixtisoslashgan maxsus avtotransport vositalari, sport kompleksi bilan tanishish jarayonida mehmonlar ta’limning zamonaviy yo‘nalishlari va tinglovchi-kursantlar uchun yaratilgan sharoitlarni yuqori baholadilar.

Shundan so‘ng delegatsiya a’zolari ishtirokida ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston – Xitoy munosabatlarining hozirgi holati va istiqbollari, global sharoitda hamkorlikni mustahkamlashning ustuvor yo‘nalishlari xususida fikr almashildi.

Akademiya boshlig‘i Rustam Xatamov mamlakatlarimiz o‘rtasida ko‘p qirrali hamkorlikning yangi formati shakllanib, manfaatli aloqalar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini e’tirof etdi. Keyingi yillarda Xitoyning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan o‘zaro tajriba almashinuvi kengaygani, mazkur yo‘nalishda hamkorlikni yanada rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.

Uchrashuv davomida Pekin politsiya kolleji prezidenti Vu Vey so‘z olib, xalqlarimizni o‘zaro ishonch va hurmat tamoyillariga asoslangan mustahkam rishtalar bog‘lab turishini alohida qayd etdi.

– Buyuk ipak yo‘li ko‘p asrlik do‘stona aloqalarimizdan darak beradi. Tarix sinovlaridan o‘tgan rishtalar bugunga kelib mustahkam hamkorlikka aylandi va bu taraqqiyot yo‘lidan dadil odimlayotgan mamlakatlarimiz ravnaqiga xizmat qilmoqda. Tashrifdan ko‘zlagan maqsadimiz ham munosabatlarimizni yanada mustahkamlash va manfaatlarimizga mos yo‘nalishlarda yangi bosqichga olib chiqishdir, – dedi delegatsiya rahbari Vu Vey

Muloqot chog‘ida IIV akademiyasi va Pekin politsiya kolleji o‘rtasida memorandum imzolash, ta’lim, ilmiy-tadqiqot va boshqa yo‘nalishlarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, tomonlarning ilg‘or yondashuvlarini o‘rganish masalalari muhokama qilindi. Ta’lim muassasalari rahbarlari samimiy ruhda o‘tgan uchrashuv ahamiyatini e’tirof etgan holda hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldilar.

Kunning ikkinchi yarmida delegatsiya a’zolari Toshkent shahar IIBB boshlig‘i, general-mayor Aziz Toshpo‘latov bilan uchrashdilar. Ikki tomonlama uchrashuvda jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida tajriba almashish, huquq-tartibot organlari faoliyatiga raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish, hamkorlikda malaka oshirish kurslarini tashkil qilish yuzasidan fikr almashildi. Shundan so‘ng mehmonlar Axborot multimedia markazi va “Shon-sharaf” muzeyini tomosha qildilar.

Tashrifning ertasi kuni yurtimiz mehmonlari Samarqandda bo‘lib, Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi hamda shaharning madaniy meros obyektlari va diqqatga sazovor joylari bilan tanishdilar. Mamlakatimizning turizm salohiyati, sayyohlar uchun yo‘lga qo‘yilgan xavfsiz sharoitlar, ichki ishlar organlarida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech