Ichki ishlar vazirligi madaniyat saroyida “San’atda havaskor iste’dodlar” respublika ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir “Vatanga va xalqqa xizmat qilish – eng oliy burchimiz!” shiori ostida amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini yanada oshirish, ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan san’atsevar havaskorlarni qo‘llab-quvvatlash va munosib rag‘batlantirish, iqtidor egalarining ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish maqsadida tashkil etildi.
An’anaviy tarzda ikkinchi marotaba o‘tkazilgan tanlovda IIV Qorovul qo‘shinlari bosh boshqarmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahri va Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmalari, viloyatlar Ichki ishlar boshqarmalari hamda Ichki ishlar vazirligi akademiyasi jamoalari qatnashdi.
Jamoalar “Tanishtiruv”, “Qo‘shiqchilik” va “Erkin mavzu” shartlari bo‘yicha o‘z chiqishlarini namoyish etdilar. Ishtirokchilarning chiqishlari taniqli madaniyat va san’at namoyandalari, ma’naviyat targ‘ibotchilaridan iborat hakamlar tomonidan baholab borildi.
Ko‘rik-tanlov yakunida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi xodimlari faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘ringa Andijon va Surxondaryo viloyatlari jamoalari munosib ko‘rildi. Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, Farg‘ona va Jizzax viloyatlari jamoalarining chiqishlari esa uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
G‘olib va sovrindorlar diplom hamda pul mukofotlari bilan rag‘batlantirildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati