IIV Akademiyasining “jinoiy jazolarni ijro etish faoliyati” mutaxassisligi bo‘yicha bilim olayotgan kursantlari bilan o‘tkazilgan davra suhbatiga vazirlik huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti vakillari taklif etildi.
Davra suhbati davlatimiz rahbarining “Jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda “Ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlandi.
Jazoni ijro etish departamentining boshqarma boshlig‘i, podpolkovnik O.Satimbayev O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi asosida ichki ishlar organlari, xususan, jinoiy jazolarni ijro etish tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga batafsil to‘xtaldi.
Ma’lumki, sohani tubdan isloh etish maqsadida Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti tashkil etilib, uning faoliyatini tartibga soluvchi nizom tasdiqlandi. Mazkur nizomda ichki ishlar organlarining jazoni ijro etish tizimi, xususan, departamentning asosiy vazifa va funksiyalari, faoliyatni tashkil etish yo‘nalishlari, huquq, majburiyat va javobgarlik masalalari nazarda tutildi. Ayni paytda soha uchun yetuk malakali kadrlar tayyorlash, xodimlarning malakasini oshirish borasida ham zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Muloqot chog‘ida tizim oldidagi muhim vazifalar ijrosini ta’minlash va islohotlarni amaliyotga samarali tatbiq etishda xodimlar, ayniqsa ushbu yo‘nalishda ta’lim olayotgan kursantlar zarur kasbiy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi ta’kidlandi. Shuningdek nazariya va amaliyotni uyg‘unlashtirishda yuzaga kelayotgan ayrim muammolarning yechimlari yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.
Davra suhbati yakunida fanlarni yuqori natijalar bilan o‘zlashtirayotgan bir guruh kursantlar departament tomonidan huquqiy adabiyotlar to‘plami bilan taqdirlandi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati