IIV akademiyasida Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari – Sudlov hay’ati raisi Ikrom Muslimov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Professor-o‘qituvchilar va tinglovchilar ishtirok etgan tadbirda sud-huquq tizimidagi islohotlar haqida so‘z bordi. Xususan, keyingi yillarda sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlash, jamiyatda shaxs huquq va erkinliklari himoyasi kafolatlarini kuchaytirish, odil sudlovga erishish darajasini oshirish maqsadida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilgani aytib o‘tildi.
Oliy sud vakili sohadagi o‘zgarishlar tizim faoliyatini yangi bosqichga ko‘tarishga, insonlarning odil sudlovga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qilayotganini alohida ta’kidladi. Shu bilan birga, ichki ishlar organlari tomonidan ishni sudga qadar yuritishda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarga to‘xtalib, rahbarlik yo‘nalishida o‘qiyotgan tinglovchilarga amaliy tavsiyalar berdi.
Muloqot davomida davlatimiz rahbarining “Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyati xususida ham fikr almashildi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati