Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari – Jamoat javfsizligi departamenti boshlig‘i, general-mayor Bekmurod Abdullayev akademiya magistrlari bilan muloqot qildi.
Tadbir avvalida ichki ishlar organlari tizimidagi izchil islohotlar, xususan, jamoat tartibini saqlash, aholimizning tinch-osoyishta hayotini ta’minlash, mahallalarda jinoyatchilikni jilovlash va kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, hududlarning o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda amaliyotga tatbiq qilinayotgan samarali mexanizmlar xususida so‘z bordi.
Departament boshlig‘i tizimdagi ulkan yangilanishlar jamiyatda inson qadrini yuksaltirish, qonun ustuvorligini mustahkamlash, barcha yurtdoshlarimiz uchun osoyishta va xavfsiz muhitni qaror toptirishdek ezgu maqsadlarga yo‘naltirilganini alohida ta’kidladi.
Muloqot davomida xalqchil islohotlarga mos rahbar kadrlarga qo‘yilayotgan dolzarb talablar ham yetkazildi. Bugungi sharoitda har bir xodim yetarli bilimga ega bo‘lishi, muloqot va muomala madaniyatini yuksaltirishi, har qanday murakkab vaziyatda to‘g‘ri qaror qabul qilib, zimmasidagi vazifalarni sidqidildan bajarishi, eng muhimi, xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilishi kerakligi aytib o‘tildi.
Tadbir so‘nggida tinglovchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olib, tizim faoliyatini yanada takomillashtirishga oid takliflarini bildirdilar.
IIV akademiyasi Axborot xizmati