Ichki ishlar vazirligi akademiyasida turar joyga ehtiyojmand bir guruh xodimlarga sertifikatlar topshirildi. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda ta’lim muassasasi rahbariyati, xodimlar va ularning oila a’zolari ishtirok etdi.
“Inson qadri uchun” degan tamoyil hayotimizda tobora ustuvor ahamiyat kasb etib bormoqda. Binobarin, ushbu tamoyil yurtimizda yashayotgan har bir fuqaro uchun munosib turmush sharoitini yaratish, jamiyatda inson qadrini ulug‘lashni nazarda tutadi. Keyingi yillarda barcha sohalar qatori, ichki ishlar organlari tizimida ham keng ko‘lamli yangilanishlar amalga oshirilib, soha xodimlarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
– Bu borada davlatimiz rahbarining “Ichki ishlar organlari xodimlarini ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori muhim ahamiyat kasb etdi, – dedi Akademiya boshlig‘i, polkovnik Rustam Xatamov. – Mazkur qaror bilan xodimlar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish mexanizmlari takomillashtirildi. Muhimi, islohotlarning amaliy natijasi tizimda xizmat qilayotgan har bir xodimning kundalik faoliyati va turmush sharoitida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Tadbirda bir guruh xodimlarga turar joy sotib olish uchun boshlang‘ich subsidiya to‘lovi huquqini beruvchi sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi.
– Ko‘p yillardan beri poytaxtda ijara uyda istiqomat qilaman. Ichki ishlar vazirligi tomonidan yangi turar joy olish uchun imtiyozli subsidiya ajratilganidan juda xursand bo‘ldim. Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, muhtaram Prezidentimizning e’tibor va g‘amxo‘rliklari samarasida ichki ishlar organlari xodimlarining yashash sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan masalalar ijobiy yechimini topmoqda. Xizmatda yuqori natijalarga erishayotgan hamkasblarimizga, ularning oila a’zolari va farzandlariga qo‘shimcha imtiyozlar berilmoqda. Bizga ko‘rsatilayotgan bunday rag‘bat barchamizni ona Vatanimiz va xalqimizga cheksiz sadoqat bilan xizmat qilishga undaydi, – deydi IIV Akademiyasining Tarbiyaviy ishlarni tashkil etish bo‘limi katta inspektori, mayor Farhod Meliqulov.
Tadbir yakunida xodimlarning oila a’zolari ta’lim maskanida yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar va amalga oshirilayotgan yangilanishlar bilan yaqindan tanishdilar.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati