IIV Akademiyasi vakillaridan iborat ishchi guruh Toshkent viloyati tumanlarida faoliyatini davom ettirmoqda.
Ishchi guruh vakili, podpolkovnik Turg‘un Kuchkarovning aytishicha, hududlarni o‘rganish jarayonida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va kriminogen vaziyat barqarorligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu boradagi tahlillar ayrim mahallalarda aholi bilan manzilli ishlash, uyushmagan yoshlarni kasb-hunar va ta’limga yo‘naltirish, bandlik masalalarini hal etishda muammolar borligini ko‘rsatgan. Mavjud holat sektor mutasaddilar, ichki ishlar organlari rahbarlari, mahalla raislari, faollar ishtirokida muhokama qilinib, tegishli vazifalar ishlab chiqildi.
Ma’lumki, kriminogen vaziyatni barqaror saqlash sodir qilingan har bir jinoyatning sababini o‘rganish, unga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf etishga bog‘liq. Bu esa ishni hamjihatlikda tashkil etishni talab etadi. Ishchi guruhi tomonidan mazkur yo‘nalishdagi ishlar o‘rganilganda, yechimini kutayotgan dolzarb masalalar mavjudligi ayon bo‘ldi va ichki ishlar organlarining tegishli sohaviy xizmatlari rahbarlariga zarur tavsiyalar berildi.
Bundan tashqari, hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatidan kelib chiqib, mavjud imkoniyatlarni to‘liq ishga solish yuzasidan tuman hokimlariga takliflar kiritildi. Ta’lim maskanlarida o‘tkazilgan uchrashuvlar davomida yoshlarning salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ma’naviy-ma’rifiy va harbiy-vatanparlik targ‘ibotini kuchaytirish orqali ularni hayotga munosib tayyorlash yuzasidan chora-tadbirlar belgilab olindi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati