Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Iqtidorli kursantlardan motivatsion tavsiyalar

10 Aprel 2023, 09:04

867

Yoshlarni zamonaviy bilim va kasb-hunarga yo‘naltirish, ularning yurtga daxldorlik tuyg‘ularini shakllantirish ustuvor vazifalardan sanaladi.

IIV Akademiyasi vakillari tomonidan joylardagi ta’lim maskanlarida yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbirlari uyushtirildi. Vazirlikning Buxoro viloyatidagi akademik litseyida tashkil etilgan uchrashuvda Jangovar va jismoniy tayyorgarlik kafedrasi professori, podpolkovnik Zafar Nurimov, 2-o‘quv kursi kursanti, “Jaloliddin Manguberdi” stipendiyasi sohibi Dilshodbek Esonov va boshqalar ishtirok etdi.

So‘z olganlar muhtaram Prezidentimiz tashabbusi va g‘amxo‘rligi bilan yurtimiz yoshlari uchun yaratib berilayotgan ulkan imkoniyatlar, ta’lim sohasidagi izchil islohotlar, iqtidorli o‘g‘il-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar, bu borada Akademiyada yo‘lga qo‘yilgan zamonaviy shart-sharoitlar haqida gapirib berishdi.

* * *

Poytaxtimizning Mirobod tumanidagi 31-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘tkazilgan uchrashuv o‘quvchilarga ulkan motivatsiya berdi.

Qizg‘in muloqotda kafedra katta o‘qituvchi-murabbiyi, dotsent Muhabbat Kdirova, erkin kurash va qo‘l jangi bilan shug‘ullanib kelayotgan iqtidorli kursantlarimizdan Muyassar Qo‘shmurodova, Ulmiken Uzakbergenovalar o‘z orzu-maqsadlari bilan o‘rtoqlashdi.

Jismoniy tarbiya va sportning inson salomatligidagi o‘rni, yoshlar o‘rtasida olimpiya o‘yinlarini ommallashtirish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar, umidli kursantlarimiz erishayotgan yutuqlar maktab o‘quvchilarida yorqin taassurot qoldirdi. Tadbir so‘ngida ta’lim muassasalari yoshlari o‘rtasida voleybol bo‘yicha o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazildi.

* * *

Akademiyaning Tezkor-qidiruv faoliyati kafedrasi vakillari Respublika qiz bolalar o‘quv-tarbiya muassasasida mehmon bo‘lishdi.

Yoshlar o‘rtasida ma’naviy muhitni mustahkamlash, ular tomonidan sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish maqsadida o‘tkazilgan davra suhbatida maskan tarbiyalanuvchilari zarur huquqiy maslahatlar olishdi.

Uchrashuvda kitob mutolaa qilishning foydali jihatlari xususida ham fikr-mulohazalar bildirildi. Ichki ishlar organlari tizimida o‘tkazilgan “Eng yaxshi kitobxon” tanlovi sovrindori, kapitan Odilbek O‘rinov kitob inson kamolotining muhim poydevori bo‘lib, yoshlarni yot illatlardan muhofaza qiluvchi mustahkam qalqon ekanligini ta’kidlab o‘tdi. Shu kuni bir guruh faol yoshlarga badiiy va tarixiy adabiyotlar sovg‘a qilindi.

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

 

 

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech