Joriy yilning 19–23-dekabr kunlari Anqara shahrida “Xotin-qizlarga nisbatan sodir etilayotgan maishiy zo‘ravonlikka qarshi kurashish” mavzuiga bag‘ishlangan seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
Xalqaro politsiya akademiyalari assotsiatsiyasi (INTERPA) tomonidan tashkil qilingan mazkur tadbirda tashkilotga a’zo davlatlar ta’lim muassasalaridan o‘ttizga yaqin vakil qatnashdi. Seminar-trening mashg‘ulotlarini INTERPA prezidenti Yilmaz Cholak ochib, o‘zaro hamkorlik aloqalarining bugungi holati, seminar-treningdan ko‘zlangan maqsad va istiqboldagi asosiy yo‘nalishlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Besh kun davom etgan seminar-treningda “Zo‘ravonlik tushunchasi va uning turlari”, “Xotin-qizlarga nisbatan qo‘llanilayotgan maishiy zo‘ravonlikning sabablari”, “Maishiy zo‘ravonlikka imkon beruvchi shart-sharoitlar”, “Gender tenglikni ta’minlash”, “Xotin-qizlarning huquq va erkinliklarini himoya qilish”, “Xotin-qizlarga nisbatan qo‘llanilayotgan maishiy zo‘ravonlikning oldi olish”, “Ayollarga nisbatan sodir etilgan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarida qo‘llaniladigan profilaktik (preventiv) choralar”, “Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlar xavfsizligini ta’minlash”, “Maishiy zo‘rovonlik jinoyatlari bo‘yicha surishtiruv va tergov harakatlarini amalga oshirish” va boshqa mavzularda fikr almashildi.
Malakali mutaxassislar tomonidan Turkiya milliy qonunchiligining o‘ziga xos tajribasi, politsiya tuzilmalari tomonidan xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berilib, amaliyotga joriy qilingan tizimlar faoliyati tanishtirildi.
– Seminar-trening xorij tajribasini o‘rganish uchun imkon berdi, – deydi IIV Akademiyasining Ma’muriy huquq kafedrasi boshlig‘i, mayor Jahongir Yuldashev. – Xususan, elektron monitoring markazi faoliyati, “KADES” ogohlantiruvchi mobil ilovasi, jabrlanuvchilarni so‘roq qilish taktika va metodikalarining o‘rganadigan jihatlari mavjud. Mamlakatimizda ham xotin-qizlar bilan ishlash bo‘yicha samarali tizim yaratilgan. Huquqbuzarliklar profilaktikasida yangi yondashuvlarni joriy qilish faoliyat samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Mashg‘ulotlarning so‘nggi kuni ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati