2023-yilning 29-may–1-iyun kunlari IIV Akademiyasi delegatsiyasi Turkiya Respublikasida bo‘ldi.
Dastlab Anqara shahrida Xalqaro politsiya akademiyalari assotsiatsiyasi (INTERPA) Ijroiya kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tashkilotga a’zo ta’lim muassasalari vakillari, mahalliy va xalqaro ekspertlar ishtirok etgan yig‘ilishda jahondagi murakkab geosiyosiy jarayonlar fonida ta’lim integratsiyasini kuchaytirish, ilg‘or tajriba va yondashuvlarga keng yo‘l ochish, zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi kurashishda faol hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek tashrif doirasida mehmonlar politsiya tarixi muzeyi, Turkiya milliy politsiya akademiyasi, Ko‘nya politsiya departamenti faoliyati bilan tanishdilar.
Tashrif davomida IIV Akademiyasi vakillari Turkiya Jandarmeriya va sohil xavfsizligi akademiyasida bo‘lib, ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdilar. Muloqot chog‘ida ta’limga oid istiqbolli loyihalar, ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, dolzarb mavzularda o‘quv kurslari tashkil etish, xalqaro ahamiyatga molik masalalarga bag‘ishlangan ilmiy anjumanlar o‘tkazish yuzasidan fikr almashildi.
Akademiya rahbari Nuh Ko‘ro‘g‘lu mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarda mutlaqo yangi format vujudga kelgani, strategik hamkorlik barcha sohalarda ravnaq topayotganini e’tirof etdi. Ta’lim muassasalari rahbarlari faol muloqot va hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.
Muxtasar qilib aytganda, Xalqaro politsiya akademiyalari assotsiatsiyasi yig‘ilishi, mazkur anjuman doirasida tashkil etilgan tadbirlar manfaatli hamkorlikning yangi istiqbollarini belgilab berdi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati