Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

INTERPA: GLOBAL XAVFSIZLIK SARI HAMKORLIK

27 Noyabr 2023, 09:11

658

22-23-noyabr kunlari Gujaratda Xalqaro politsiya akademiyalari assotsiatsiyasi (INTERPA)ning Ijroiya kengash va Bosh assambleya yig‘ilishi hamda XII konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda tashkilotga a’zo ta’lim muassasalari, jumladan, IIV Akademiyasi delegatsiyasi, xalqaro tashkilotlar va huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalar vakillari, xalqaro kuzatuvchilar, xorijiy hamda mahalliy ekspertlar ishtirok etdi.

Yig‘ilishda INTERPA Ijroiya kengashi raisi, Turkiya milliy politsiya akademiyasi prezidenti Yilmaz Cholak, Hindiston kriminalistika fanlari milliy universiteti vitse-kansleri Jayantkumar Maganlal Vyas so‘zga chiqib, jahondagi geosiyosiy o‘zgarishlar fonida hamkorlikning manfaatli tamoyillarini ishlab chiqish, ta’lim integratsiyasini kuchaytirish, global tahdid va xavf-xatarlarga qarshi birgalikda kurashish dolzarb ahamiyat kasb etayotganini ta’kidlab o‘tdi. Shundan so‘ng Gujarat shtati bosh vaziri Bxupendra Radjnikant Patelning INTERPA doirasida o‘tkazilayotgan anjuman ishtirokchilariga murojaati tinglandi.

Tadbirda xalqaro assotsiatsiyaning bir yillik faoliyati, hamkorlikning bugungi formati va istiqbollari atroflicha muhokama qilindi. Hamkor ta’lim muassasalari bilan birgalikda amalga oshirilgan tadbirlar va erishilgan natijalar sarhisob qilindi. Ishtirokchilar INTERPAning 2022-yil Dakka shahrida bo‘lib o‘tgan konferensiyasiga bag‘ishlab chop etilgan kitobi, shuningdek, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, Botsvana politsiya kolleji, Indoneziya milliy politsiya akademiyasi hamda Hindiston kriminalistika fanlari milliy universiteti faoliyati yoritilgan videorolik bilan tanishdilar.

 Shu kunning o‘zida “Texnologik halokatlar va tabiiy ofatlar davrida politsiya faoliyati” mavzusidagi XII xalqaro konferensiya ish boshladi. Sessiyalar ko‘rinishida bo‘lib o‘tgan anjumanda Turkiya, Hindiston, Bangladesh, Vyetnam, Eron, Efiopiya, Mozambik, Saudiya Arabistoni va boshqa davlatlar vakillari o‘z ma’ruzalari bilan qatnashdi. Tabiiy va texnogen ofatlar davrida politsiya faoliyatini tashkil etish, maxsus kuch va vositalarni boshqarish,tizimni raqamlashtirish, jinoyatchilikning turli ko‘rinishlariga qarshi kurashish, favqulodda vaziyatlarda huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida yuzaga kelayotgan muammolar va ularning yechimlari xususida fikr-mulohazalar, dolzarb taklif va tavsiyalar bildirildi.

Konferensiya yakunida Xalqaro politsiya akademiyalari assotsiatsiyasi XII konferensiyasining deklaratsiyasi qabul qilindi. Hamkor ta’lim muassasalari vakillari zamonaviy tahdidlar, iqlim o‘zgarishi, tabiiy va texnogen ofatlar bilan bog‘liq xavf-xatarlar ko‘lami oshib borayotgan murakkab sharoitda hamkorlikni barqaror rivojlantirish bo‘yicha birgalikda harakat qilishga kelishib oldilar. Shuningdek, anjuman ishtirokchilari “Cellebrite”, “eSec Forte”, ‘’Trinexia”, “ProDiscover”, “Axxonet” kabi kompaniyalarning politsiya uchun mo‘ljallangan maxsus texnik va dasturiy tizimlari ko‘rgazmasi, Hindiston kriminalistika fanlari milliy universiteti hamda Gujarat politsiya texnologiyalari markazi faoliyati bilan tanishdilar.

Xalqaro anjuman doirasida IIV Akademiyasi boshlig‘i Rustam Xatamov Hindiston kriminalistika fanlari milliy universiteti vitse-kansleri Jayantkumar Maganlal Vyas bilan uchrashdi. Unda hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, istiqboldagi chora-tadbirlar uchun “yo‘l xarita” ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi. Turkiya milliy politsiya akademiyasi prezidenti Yilmaz Cholak bilan o‘tkazilgan muloqotda esa tomonlar hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar. Uchrashuv yakunida hamkorlik memorandumi ijrosi doirasida 2024/25 yillarga mo‘ljallangan “yo‘l xarita” imzolandi.

Bundan tashqari, Malayziya qirollik politsiya kolleji, Qirol Fahd nomidagi Saudiya Arabistoni xavfsizlik kolleji, Qozog‘iston Respublikasi IIV Qustanoy akademiyasi, Indoneziya milliy politsiya akademiyasi, Maldiv politsiya va huquqni muhofaza qiluvchi organlar milliy kolleji, Bosniya va Gersegovina IIV politsiya akademiyasi, Shimoliy Makedoniya politsiya o‘quv markazi, Avstraliya Federal politsiyasi delegatsiyalari bilan ko‘p qirrali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi. Xorijiy delegatsiyalar vakillariga IIV Akademiyasining keng qamrovli faoliyati, xorijiy davlatlar politsiya kadrlarining ta’lim olishi uchun mo‘ljallangan o‘quv dasturlari to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Safar davomida IIV Akademiyasi va Rashtriya Raksha universiteti (Hindiston) o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. O‘quv muassasalari vakillari o‘zaro tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish orqali ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqishga kelishib oldilar.

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech