Navro‘z – boqiy qadriyatlar, pokiza niyatlar, xayrli amallar bayrami. Uning zamirida, eng avvalo, inson qadrini ulug‘lashdek ezgu g‘oya mujassam.
Bayram munosabati bilan IIV Akademiyasida o‘tkazilgan tadbir avvalida o‘quv dargohi boshlig‘i Rustam Xatamov yig‘ilganlarni samimiy muborakbod etdi.
– Insoniyat tarixida millatlarning ma’naviy ildizini, milliy qadriyatlarini yo‘q qilishga urinishlar ko‘p bo‘lgan. Ammo Navro‘z bayrami umuminsoniy g‘oyalari va ezgu falsafasi bilan ming yillardan buyon bezavol yashab kelmoqda. Chunki Navro‘z tinchlik-totuvlik, do‘stlik, yurtga, ona tabiatga mehr-muhabbat ifodasi bo‘lib kelgan, – dedi Akademiya rahbari.
Tadbirda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar inson qadrini ulug‘lash, har bir fuqaroning haq-huquqlari va qonuniy manfaatlarini amalda ta’minlash, xalqimizni rozi qilishdek ulug‘ maqsadlarni ro‘yobga chiqarayotgani e’tirof etildi.
– Bugungi murakkab davrda dunyoning ayrim mintaqalarida siyosiy tangliklar yuzaga kelmoqda. Yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashda xalqimizga xos fazilatlarni o‘zida mujassam etgan Navro‘z bayramining ahamiyati tobora ortib bormoqda. Muhtaram Prezidentimiz aytganlaridek, Yangi O‘zbekiston g‘oyasi – bu xalqimizning azmu qarori, uning hayot mazmunidir, bu olijanob maqsad Navro‘zi olam falsafasi va qadriyatlari bilan g‘oyat uyg‘un va hamohangdir, – dedi Akademiya boshlig‘i.
Bayram tadbirida bir guruh xodimlar Ichki ishlar vazirligining idoraviy mukofotlari bilan taqdirlandi. Akademiya badiiy havaskorlik jamoalarining yurtimizni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlari yig‘ilganlarga bayramona kayfiyat bag‘ishladi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati