Ichki ishlar vazirligi akademiyasida bo‘lib o‘tgan bayramona tadbirda mustaqillik tufayli erishgan yutuqlarimiz, Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi islohotlar e’tirof etildi.
Tadbir avvalida akademiya boshlig‘i Rustam Xatamov so‘z olib, jamoani istiqlol ayyomi va o‘quv dargohi tashkil topganining o‘ttiz yilligi bilan samimiy qutladi. Mustaqillik xalqimizga o‘z erkini, milliy o‘zligini, insoniy qadr-qimmati va haq-huquqlarini qaytarib bergani, istiqlol sharofati bilan O‘zbekiston yangi tarixiy davrga qadam qo‘ygani ta’kidlab o‘tildi.
– Ayniqsa keyingi yillarda jamiyatimiz hayotida mislsiz yangilanishlar ro‘y berdi. “Inson qadri uchun” degan ezgu tamoyil muhtaram Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan xalqparvar siyosatning ustuvor maqsadi etib belgilandi. Bugun odamlarimiz ongida yangicha dunyoqarash, atrofimizda bo‘layotgan o‘zgarishlarga daxldorlik hissi, ertangi kunga ishonch ortib bormoqda, – dedi akademiya boshlig‘i.
Aytish joizki, bu yilgi istiqlol ayyomi akademiyada o‘zgacha shukuh va ko‘tarinki ruhda nishonlandi. Jamoa a’zolari o‘quv dargohining shonli yubileyini o‘ziga xos yutuqlar bilan qarshi oldilar. Tadbirda islohotlar davrida erishilgan yuksalishlar ham tilga olindi. Sharafli yo‘lni bosib o‘tgan maskan bugunga kelib ilg‘or tajribalarni o‘zida mujassam etgan ta’lim dargohiga aylangani e’tirof etildi.
– Bugun shiddatli hayotning o‘zi barchamizni yangi marralar sari da’vat etmoqda. Davlatimiz rahbari Yangi O‘zbekistonni barpo etishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida ta’lim sohasiga e’tibor qaratdilar. Akademiyamiz jamoasi oldida ham Vatanimiz va xalqimizga yuksak sadoqat bilan xizmat qiladigan kadrlarni tayyorlash vazifasi turibdi. Ishonamanki, barchamiz bir bo‘lib, bilim va tajribamizni ishga solib, bundan ham yuksak marralarga erishamiz, – dedi akademiya boshlig‘i.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz uch yilligi va akademiya tashkil etilganligining o‘ttiz yilligi munosabati bilan bir guruh xodimlar Ichki ishlar vazirligining idoraviy mukofotlari hamda akademiya boshlig‘ining esdalik sovg‘alari bilan tantanali ravishda taqdirlandi.
Badiiy havaskorlik jamoalarining ona Vatanimizni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlari barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati