Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Inson qadri ulug‘

09 May 2024, 07:05

615

Kasbga sadoqat, fidoyilik, halollik singari fazilatlar insonni ulug‘laydi. Xotira va qadrlash kunida ichki ishlar tizimida ko‘p yillar samarali xizmat qilgan ana shunday faxriylar holidan xabar olindi.

Ichki ishlar vazirligi akademiyasi rahbari Rustam Xatamov iste’fodagi polkovnik Timur Saitbayev xonadonida bo‘lib, soha faxriysini bayram bilan qutladi. Suhbat chog‘ida uning sharafli hayot yo‘li, qizg‘in mehnat faoliyati, ichki ishlar organlari uchun malakali kadrlar tayyorlashga qo‘shayotgan ulkan hissasi e’tirof etildi.

– Akademiya men uchun ikki hissa qadrli maskan. Otam ham ko‘p yillar ushbu dargohda mehnat qilganlar. Bundan hamisha ko‘nglimga faxr tuyaman. Inson uchun o‘z mehnatlarining sharofatini ko‘rishdan ortiq baxt yo‘q. Shogirdlarim yo‘qlovidan juda xursand bo‘ldim, – dedi u.

Uchrashuv davomida soha faxriysiga samimiy tilaklar bildirildi. Yoshlarning jonkuyar ustozi davlatimiz tomonidan keksa avlod vakillariga ko‘rsatilayotgan ulkan e’tibor va g‘amxo‘rlikni e’tirof etib, akademiyadagi yangilanishlar, professor-o‘qituvchilar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlardan mamnunligini aytdi.

Bayram munosabati bilan akademiya vakillari IIV Markaziy gospitalida salomatligini tiklayotgan Anvar Devyatovni ham yo‘qladilar. Ko‘p yillar ichki ishlar organlari tizimida xizmat qilgan Anvar aka nafaqaga chiqqandan so‘ng, boy hayotiy tajribasini yoshlar ta’lim-tarbiyasiga bag‘ishladi. Ko‘plab shogirdlarni kamolga yetkazdi.

Shuningdek, bayram munosabati bilan general-mayor Tojiddin Jalilovning umr yo‘ldoshi Gulsara ayaga ham izzat-e’tibor ko‘rsatildi. Tabarruk yoshni qarshi olgan onaxonga bayram tilaklari va sovg‘alari ulashildi. Marhum ustozning xayrli amallari, insoniy fazilatlari, zahmatli mehnatlari yodga olindi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech