IIV Akademiyasida Toshkent davlat yuridik universiteti ixtisoslashtirilgan filialining 3-kurs talabalari uchun qisqa muddatli o‘quv mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Mazkur ta’lim maskani davlatimiz rahbarining “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida tashkil etilgan edi. Filialda “huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash” mutaxassisligi bo‘yicha kadrlarni tayyorlash uch yillik bakalavriat dasturi asosida amalga oshiriladi. Shuningdek bu yerda oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lgan kadrlar qayta tayyorlanadi.
Qisqa muddatli o‘quv mashg‘ulotlari ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash, kadrlar tayyorlash sohasida ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, yoshlarning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash maqsadida tashkil qilindi.
Talabalar dastlab Akademiya faoliyatidagi yangilanishlar, o‘quv jarayoniga tatbiq etilgan o‘ziga xos yondashuvlar bilan tanishdilar. Shundan so‘ng o‘quv dargohining tajribali professor-o‘qituvchilari tomonidan “Ichki ishlar organlari xodimlarining xalq bilan muloqot qilish va murojaatlar bilan ishlashda yuzaga kelayotgan muammolar”, “Voqea sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirishda ekspert-kriminalistning vazifalari”, “Ekspertiza va tadqiqotlar o‘tkazishda kriminalistik texnik vositalardan foydalanish metodlari” mavzularida seminar-trening o‘tkazildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati