Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

“Ilmni qadrlang, ilmga intiling!”

29 Mart 2023, 09:03

1887

IIV Akademiyasida kursant yoshlarning vatanparvarlik tuyg‘ularini yuksaltirishga bag‘ishlangan “Uch avlod uchrashuvi” ma’naviy-ma’rifiy tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Unda vazirlik Faxriylar kengashi faollari, ichki ishlar organlarida samarali xizmat qilib kelayotgan xodimlar, ta’lim muassasasi professor-o‘qituvchilari va kursantlari ishtirok etdi.

Motivatsion ruhda o‘tgan uchrashuvda IIV Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash departamenti boshlig‘i o‘rinbosari, polkovnik Hamza Maxsumov, Faxriylar kengashi raisi, iste’fodagi general-mayor Erkin Norgitov, iste’fodagi polkovnik Mirkomil Mirfayziyev, IIV Akademiyasi boshlig‘ining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, podpolkovnik Bobur Dadajonov va boshqalar so‘zga chiqdi.

Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish borasidagi islohotlar samarasi tizim xodimlarining bilim va intellektual salohiyati, ona Vatanimizga bo‘gan yuksak sadoqati, fidoyiligi va jasurligi, o‘z kasbini nechog‘lik qadrlashida namoyon bo‘lishi, o‘sib kelayotgan yoshlar zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni puxta egallab, mamlakatimizni yanada ravnaq toptirishga munosib hissa qo‘shishlari lozimligi ta’kidlab o‘tildi.

– Muhtaram Prezidentimiz yoshlarga qarata “Ilmni qadrlang, ilmga intiling!”, deya ularni ulkan marralar sari ruhlantirib keladilar. Siz ta’lim olayotgan dargohda ham barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Ichki ishlar organi xodimi bo‘lishni maqsad qilgan ekansiz, zimmangizdagi mas’uliyatni chuqurroq his qilishingiz kerak. Chunki ona Vatanimizning ertangi kuni, xalqimizning tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash katta hayotga kirib kelayotgan siz kabi yoshlar qo‘lida, – dedi Toshkent shahrining Mirobod tumanidagi Xalq qabulxonasi mudiri Sirojiddin Hasanov.

Muloqot davomida kursantlarga Ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi kodeksida nazarda tutilgan mezonlar yetkazildi. Kasbiy bilim va ko‘nikmalarni oshirib borish, xizmatga yuqori mas’uliyat bilan yondashish, tizim sha’niga dog‘ tushiruvchi turli illatlardan o‘zini saqlash borasida o‘git va tavsiyalar berildi.

– Yaqinda davlatimiz rahbarining “Vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va xodimlar oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonlari e’lon qilindi. Vatan uchun jon fido qilgan harbiy xizmatchilar xotirasini abadiylashtirish, ularning oila a’zolarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida qabul qilingan ushbu hujjatning muhim ahamiyati bor. Yangi O‘zbekistonni yoshlar bilan birga qurishni maqsad qilgan ekanmiz, yurtimiz ozodligi va tinchligi yo‘lida qahramonlik ko‘rsatgan buyuk ajdodlarimiz, jasur zamondoshlarimizning ibratli hayoti ular uchun tarbiya maktabi vazifasini o‘taydi, – dedi IIV Akademiyasi professori, polkovnik Sharif Qobilov.

Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, iste’fodagi polkovnik Zikrilla Ne’matning Vatan, tinchlik, jasorat va mardlik haqidagi she’rlari, faxriylarning xizmat faoliyatiga oid xotiralar yoshlarda ulkan ma’naviy taassurot qoldirdi.

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

 

 

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech