Ichki ishlar vazirligi akademiyasida Xalqaro ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar kuni munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Olima ayollar mehnatini e’tirof etish, yosh izlanuvchilarni qo‘llab-quvvatlash va ilm-fanga keng jalb qilish, ilmiy salohiyatni yuksaltirish maqsadida tashkil qilingan tadbirda professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar hamda kursantlar ishtirok etdi.
Tadbirda Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi a’zosi Gulnora Marufova so‘z olib, yurtimiz xotin-qizlarining jamiyat va davlat hayotidagi rolini kuchaytirish, ilm-fan bilan shug‘ullanishlari uchun ulkan imkoniyatlar yaratish ustuvor vazifa ekanligini ta’kidladi. Yangi O‘zbekiston ayollari nafaqat oilada, balki mamlakat hayotining turli jabhalarida ibrat bo‘lib kelayotgani e’tirof etildi.
Muloqot ruhida o‘tgan tadbirda xotin-qizlarning ilm-fan rivojidagi o‘rni, erishayotgan yutuqlari, bu borada akademiyada yo‘lga qo‘yilgan ustoz-shogridlik an’analari alohida qayd etildi. Olimlarning dolzarb mavzulardagi ma’ruzalari tinglandi. Ilmiy salohiyatni yuksaltirishda faol jonbozlik qilayotgan xotin-qizlar tashakkurnomalar bilan taqdirlandi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati