19–23-dekabr kunlari IIV Akademiyasida “Kursantlarning ilmiy yutuqlari va innovatsion g‘oyalari” I ilm-fan festivali o‘tkazildi.
Tadbir ochilishida akademiya boshlig‘ining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari Ruftullo Nigmatov so‘z olib, yoshlarga sifatli ta’lim berish, ularni ilm-fanga qiziqtirish va innovatsiyalarga yo‘naltirish, iqtidorini namoyon etishi uchun keng imkoniyatlar yaratish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik tuyg‘usini yuksaltirish festivalning bosh maqsadi ekanligini ta’kidlab o‘tdi.
Olimlar, ilmiy tadqiqotchilar va kursantlar ishtirokida besh kun davom etgan festival doirasida “O‘zbekiston Respublikasining yangilangan Konstitutsiyasi va huquqiy islohotlar” mavzuida ilmiy-amaliy konferensiya, “Tezkor-qidiruv natijalarining daliliy ahamiyati: muammo va yechimlar”, “Ichki ishlar organlari faoliyatida axborot-tahliliy ishlarni tashkil etish: muammo va yechimlar” mavzularida ochiq munozara, “Jinoyat izlarini olish: muammo va yechimlar”, “Hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish: muammo va yechimlar” mavzularida “workshop”, shuningdek, motivatsion ruhdagi boshqa tadbirlar tashkil qilindi. Bundan tashqari, kursantlar ixtisoslik va yuridik kafedralar tomonidan o‘tkazilgan intellektual bellashuvlarda qatnashib, qator natijalarga erishdilar.
Shunga ko‘ra, “Ma’muriy huquq bilimdoni” intellektual musobaqasida 2-o‘quv kursining “Aysberg” jamoasi, “Tezkor-qidiruv huquqi bilimdoni” viktorinasida 3-o‘quv kursining “Olg‘a, ofitserlar” jamoasi, “Ichki ishlar organlarida inson huquqlarini himoya qilish” viktorinasida 2-o‘quv kursining “Adolat” jamoasi, “Ichki ishlar organlari ma’muriy faoliyati bilimdoni” viktorinasida 1-o‘quv kursining “Everest” jamoasi, “Jinoyat va jinoyat-protsessual huquqi fanlari bilimdoni” intellektual o‘yinida 3-o‘quv kursining “Legenda” jamoasi, fuqarolik huquqi fanidan aqllilar bellashuvida 1-o‘quv kursining “Zukkolar” jamoasi hamda “Kriminalistik kvest” intellektual turnirida 2-o‘quv kursi kursanti Shamshodbek Dalaboyev g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Festival yakunida eng faol ishtirokchilar uchun poytaxtimizdagi tarixiy-madaniy maskanlarda ko‘ngilochar tadbirlar uyushtirildi. G‘oliblar va bir guruh tashabbuskor yoshlar sertifikat bilan taqdirlandi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati