Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida oliy ta’lim sifati va samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha maqsadli yo‘nalishlar belgilab berilgan. Ayni ustuvor vazifalar ilmiy-pedagogik faoliyatni zamon talablari darajasida yo‘lga qo‘yishni taqozo etadi.
Ichki ishlar vazirligi akademiyasida o‘tkazilgan yig‘ilish ana shu dolzarb masalaga bag‘ishlandi. Tanqidiy va tahliliy ruhda o‘tgan yig‘ilishni Akademiya boshlig‘i Rustam Xatamov olib bordi. Qayd etilganidek, o‘tgan qisqa davr mobaynida soha uchun professional kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimi joriy etildi. Ta’lim jarayoni isloh qilinib, o‘qitishning samarali mexanizmlari yo‘lga qo‘yildi. Akademiyaning ilmiy salohiyati sezilarli darajada oshirildi.
Yig‘ilishda ilmiy-pedagogik faoliyatda erishilgan ijobiy ko‘rsatkichlar bilan bir qatorda, ilmiy faoliyat va ta’lim sifatini takomillashtirishda yo‘l qo‘yilayotgan ayrim kamchiliklar ham aytib o‘tildi. Ta’lim maskani rahbari professor-o‘qituvchilar oldidagi ustuvor vazifalarga to‘xtalib, ilmiy va innovatsion potensialni rivojlantirish, oliy ta’limdan keyingi ta’lim tizimini takomillashtirish, akademik litseylarni o‘quv-metodik jihatdan ta’minlash bo‘yicha ishlarni jadallashtirish kerakligini ta’kidladi.
– O‘quv dargohimizda o‘ziga xos ilmiy maktablar shakllangan. Ilmiy tadqiqot faoliyatida, ayniqsa yosh olimlarimiz safini kengaytirishda ko‘p yillik boy tajribaga ega ustozlarning salohiyatidan oqilona foydalanishimiz zarur. Akademiyaning xalqaro miqyosdagi obro‘yi va nufuzini yuksaltirish barchamizdan fidoyilik, vatanparvarlik va yurt taqdiriga daxldorlikni talab etadi, – dedi o‘quv dargohi boshlig‘i.
Yig‘ilish so‘nggida kafedralar rahbarlariga mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha manzilli chora-tadbirlarni ishlab chiqish hamda ilm-fan va ta’lim sohalarini tubdan isloh etish yuzasidan aniq vazifalar belgilab berildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati