IIV Akademiyasining Sirtqi ta’lim fakulteti tinglovchilari bilan bitiruvoldi o‘tkazilgan davra suhbati korrupsiya va uning oldini olish masalasiga bag‘ishlandi.
Fakultet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar va tinglovchilar ishtirok etgan tadbirda so‘z olganlar mamlakatimizda izchil islohotlar kechayotgan hozirgi davrda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, ichki ishlar organlari xodimlari oldidagi dolzarb vazifalarga to‘xtalib o‘tishdi. Korrupsiya davlat rivojiga tahdid soluvchi, inson huquqlarini poymol etuvchi illat bo‘lib, unga qarshi kurashishning huquqiy mexanizmlarini muntazam ravishda takomillashtirib borish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasizlik immunitetini shakllantirish muhim vazifalardan biri ekanligi ta’kidlandi.
Hozirgi paytda ichki ishlar organlari tizimida korrupsiyaviy holatlarning oldini olish, xodimlar o‘rtasida xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlash, ularning kasbiy va ma’naviy-ahloqiy fazilatlarini shakllantirish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan keng qamrovli tadbirlar amalga oshirilmoqda. Korrupsiya balosiga butunlay barham berish uchun, avvalo, uni keltirib chiqaruvchi sabablarning oldini olish, har bir xodim ongida korrupsiyaga qarshi nafrat tuyg‘usini yanada kuchaytirish lozimligi aytib o‘tildi.
Tadbir so‘nggida faol tinglovchilarga yuridik adabiyot va qo‘llanmalar berildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati