25-aprel kuni Ichki ishlar vazirligi akademiyasi professor-o‘qituvchilari Oryol yuridik institutida o‘tkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada ishtirok etib, o‘zaro tajriba almashib qaytdilar.
Anjuman yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashda qo‘llanilayotgan maxsus texnik qurilma va dasturiy ta’minotlar ko‘rgazmasi bilan boshlandi. O‘zbekiston, Ozarbayjon va Belarus Respublikalaridan taklif etilgan mehmonlar mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlab chiqarilayot zamonaviy mahsulotlar bilan tanishdilar.
Shundan so‘ng “Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash faoliyatini boshqarish” mavzuidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Soha mutaxassislari, olim va ekspertlar, turdosh oliy ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etgan anjumanda sohaga tatbiq qilinayotgan innovatsion yondashuvlar, mavjud muammolar va kelgusidagi vazifalar muhokama qilindi.
Ma’ruzachilarning “Yo‘l harakati xavfsizligi sohasida qonunchilikni tizimlashtirish va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish”, “Yo‘l harakati atamalari. Piyodalarning harakatlanish vositasi”, “Yo‘l-transport hodisalari haqida dastlabki ma’lumotlarni yig‘ish va tahlil qilish”, “Yo‘l harakati sohasida davlat vakolatlarini alohida sub’ektlarga o‘tkazishning ma’muriy-huquqiy asoslari” kabi mavzulardagi chiqishlari tinglandi.
Aytish joizki, ilmiy-amaliy konferensiyada IIV akademiyasi kafedra boshlig‘i, professor Sa’dulla Kalauov “Shahar jamoat transporti jozibadorligini oshirish usullarini takomillashtirish orqali avtomobil yo‘llarida tirbandliklarning oldini olish” mavzuidagi ma’ruzasi bilan qatnashib, qator takliflarini bildirdi.
Anjumaning ertasi kuni ishtirokchilar Oryol yuridik instituti tasarrufidagi o‘quv-poligon faoliyati bilan tanishdilar. Mahalliy professor-o‘qituvchilar va kursantlar tomonidan motosikl va avtomobillarni ekstremal sharoitlarda boshqarish bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlar, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashda foydalaniladigan texnik uskunalar namoyish qilindi. Shuningdek, mehmonlar o‘quv muassasasida yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirib, soha uchun kadrlar tayyorlashning o‘ziga xos yondashuvlari yuzasidan fikr almashdilar.
IIV akademiyasi Axborot xizmati