IIV akademiyasi va Qatar politsiya akademiyasi o‘rtasida hamkorlik bitimi imzolandi.
Doha shahrida o‘tgan uchrashuvda ta’lim muassasalari vakillari ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari yuzasidan muloqot qildilar.
Qatar politsiya akademiyasi rahbari Abdulrahmon Majid al-Sulaiti davlatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar yuksak ishonch ruhi bilan rivojlanib borayotgani, ta’lim sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kelgusidagi maqsadlar sari muhim qadam bo‘lishini e’tirof etdi.
Delegatsiyamiz rahbari, IIV akademiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Ruftullo Nigmatov zamonaviy taraqqiyot yo‘lidan borayotgan Qatar Davlatining raqamli texnologiyalar, kiberxavfsizlik, zamonaviy ta’lim va boshqa yo‘nalishdagi ilg‘or tajribalarini o‘rganish ijobiy natija berishini alohida ta’kidladi.
Uchrashuvda manfaatli yo‘nalishlarda aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilinib, o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi hujjat imzolandi.
Qatar safari davomida vakillarimiz Qatar politsiya akademiyasi faoliyati bilan ham yaqindan tanishdilar. O‘zaro muloqotda yuqori malakali kadrlar tayyorlash borasida Qatar va O‘zbekiston tajribasining o‘ziga xos jihatlari xususida ma’lumot almashildi. IIV akademiyasida tatbiq qilingan o‘qitish mexanizmlari qatarlik hamkasblarimizda ijobiy taassurot qoldirdi.
Shu bilan birga, delegatsiyamiz a’zolari Doha politsiya departamenti, Qatar milliy muzeyi, Islom san’ati muzeyida bo‘lib, xorijiy taassurotlarini boyitdilar.
IIV akademiyasi Axborot xizmati