Mahallalar obodligi va xavfsizligi kriminogen vaziyat barqarorligiga bevosita bog‘liq. Buning uchun huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, aholi o‘rtasida jinoyatchilikka murosasizlik muhitini yaratish lozim.
IIV akademiyasi rahbari Rustam Xatamov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Surxondaryo viloyati mahallalari ilmiy yondashuvlar asosida o‘rganilib, joriy yilning 11 oyida qayd etilgan jinoyatlar, ularning sabab va shart-sharoitlari, huquqbuzarlik sodir etgan shaxslar, hududlarga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan kriminogen omillar hamda huquqbuzarliklar profilaktikasi subyektlari faoliyati tahlil qilindi.
Hudud mas’ullari, mahalla faollari va “yettilik” a’zolari ishtirokida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda firibgarlik, o‘g‘rilik, tan jarohati yetkazish kabi salmog‘i yuqori jinoyatlarning barvaqt oldini olish, “qizil” toifadagi mahallalarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Termiz shahrining “Alpomish”, “Afrosiyob”, “Shodlik”, “Guliston” mahallalari joyiga chiqqan holda o‘rganilib, jinoyatchilikni jilovlash, “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida aholining barcha qatlami vakillari bilan manzilli ishlash yuzasidan tavsiyalar berildi.
Ta’kidlash joizki, huquqbuzarlik yoki jinoyat o‘z-o‘zidan sodir etilmaydi. Buning tag-zamirida muayyan sabab yoxud shart-sharoit yotadi. Qonunga xilof ravishda sodir etilgan qilmishlarning aksariyati g‘ayriijtimoiy xulq-atvor, shu bilan birga, huquqiy madaniyatning shakllanmagani tufayli yuzaga keladi. Shu bois, joylardagi uchrashuvlar chog‘ida aholining huquqiy ongini yuksaltirish, jamiyatda jinoyatchilikka murosasizlik muhitini shakllantirish, ijtimoiy profilaktika subyektlarining ushbu yo‘nalishdagi hamkorligini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Muxtasar qilib aytganda, ishchi guruhning Surxondaryo viloyatiga safari chekka-chekka hududlar muammolarini o‘rganish, aholi bilan yuzma-yuz muloqot qilish, jinoyatchilikni jilovlashga qaratilgan chora-tadbirlarni muhokama qilish, faoliyatni samarali tashkil etish bo‘yicha yangi taklif hamda tavsiyalar ishlab chiqishda ayni muddao bo‘ldi. Bundan tashqari, ishchi guruh vakillari tomonidan ichki ishlar organlari boshliqlari o‘rinbosarlari va sohaviy xizmatlar rahbarlari uchun tashkil qilingan mashg‘ulotlar kelgusida kriminogen vaziyatni yaxshilashga xizmati qilishi, shubhasiz.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati