Ichki ishlar vazirligi akademiyasida ijtimoiy profilaktikani samarali tashkil etishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda Yunusobod tumani IIOFMB mutasaddilari, “Billur” MFY vakillari, “huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati” ixtisoslik yo‘nalishida ta’lim olayotgan kursantlar va professor-o‘qituvchilar ishtirok etdi.
Uchrashuvda “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida mahallalarda amalga oshirilayotgan ijtimoiy profilaktika chora-tadbirlari, erishilayotgan ijobiy natijalar va yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar yuzasidan fikr almashildi.
So‘zga chiqqanlar ijtimoiy profilaktikaning mazmun-mohiyati, “mahalla yettiligi” vakillarining ijtimoiy profilaktika obyektlari bilan amalga oshiradigan chora-tadbirlari, hujjatlarni yuritish tartibi, mahallalar, ayniqsa “qizil toifa”dagi hududlarda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va jinoyatlikni jilovlash kabi dolzarb masalalarga to‘xtaldilar.
– Mahalla tizimiga joriy qilinayotgan ilg‘or yondashuvlar faoliyatimiz natijadorligini yanada oshirmoqda. Ijtimoiy profilaktika borasida xotin-qizlar faoliga ham aniq vazifalar yuklatilgan. Hozirda har bir yo‘nalish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirib, mahallamiz obodligiga hissa qo‘shib kelayapmiz, – deydi “Billur” MFYning xotin-qizlar faoli Muxlisa Sulaymonova.
Ochiq muloqot tarzida o‘tgan tadbir davomida kursantlar mahallalarda ijtimoiy profilakatika doirasida amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan zarur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishdi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati