Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahridagi filialida “Zakovat” intellektual o‘yini bo‘lib o‘tdi.
Yoshlarning intellektual salohiyati va dunyoqarashini yuksaltirish, iqtidorli o‘g‘il-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida ijodiy hamkorlikni mustahkamlash tadbirning asosiy maqsadi bo‘ldi.
Bellashuvda Ichki ishlar vazirligi akademiyasining “Yosh yuristlar”, Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasining “Universal”, Qurolli Kuchlar akademiyasining “O‘zbegim” va mazkur universitetning “Temurbeklar” jamoalari ishtirok etdi.
Hakamlar hay’ati tomonidan qatnatchilarga jami 24 ta savol yo‘llandi. Qizg‘in kechgan o‘yin yakunida IIV Akademiyasi kursantlari faxrli birinchi o‘rinni egalladilar. Mezbon jamoa vakillariga ikkinchi va Qurolli Kuchlar akademiyasi kursantlariga uchinchi o‘rin nasib etdi. G‘olib va sovrindorlar qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati