Rossiya Federatsiya IIVning Omsk akademiyasi tomonidan MDH davlatlari Ichki ishlar vazirliklari tasarrufidagi ta’lim muassasalari o‘rtasida xalqaro tanlov o‘tkazildi.
Ichki ishlar organlarining jinoyat-qidiruv bo‘linmalari faoliyatiga oid eng yaxshi ilmiy maqolani aniqlash maqsadida tashkil etilgan tanlovda yigirmaga yaqin turdosh oliy ta’lim muassasalaridan 200 nafardan ortiq kursant va tinglovchi qatnashdi. Ishtirokchilarning ijodiy ishlari onlayn formatda qabul qilinib, ikki bosqichda saralab olindi.
Tanlovning “Jinoyat-qidiruv bo‘linmalari tomonidan jinoyatlarning ayrim turlarini fosh etish” nominatsiyasida IIV Akademiyasi kunduzgi ta’lim bakalavriatining 2-o‘quv kursida “tezkor-qidiruv faoliyati” ixtisoslik yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olayotgan Samir Muxtorov ishtirok etdi. Hakamlar hay’atining yakuniy xulosasiga ko‘ra, iqtidorli kursantimizning ilmiy maqolasi faxrli birinchi o‘ringa munosib ko‘rilib, diplom bilan taqdirlandi.
E’tirof etish kerakki, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijodiy va intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qaratilayotgan ulkan e’tibor Yangi O‘zbekiston yoshlarining ana shunday yutuqlariga mustahkam tayanch bo‘lmoqda.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati