Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

IIV Akademiyasi doimiy a’zolikka qabul qilindi

30 May 2023, 04:05

951

Dushanbe shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlatlari IIV (politsiya) ta’lim muassasalari assotsiatsiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. 

Gibrid formatda o‘tkazilgan yig‘ilishda Rossiya Federatsiyasi IIV tasarrufidagi Boshqaruv akademiyasi, Volgograd akademiyasi, Sharqiy Sibir instituti, O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi va Malaka oshirish instituti, Qozog‘iston Respublikasi IIV Olmaota akademiyasi, Qarag‘anda akademiyasi, Qozog‘iston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Huquqni muhofaza qiluvchi organlar akademiyasi, shuningdek Belarus Respublikasi IIV Akademiyasi, Ozarbayjon Respublikasi Qora dengiz va Kaspiy mintaqasi yuristlar uyushmasi, Qatar Politsiya akademiyasi hamda Tojikiston Respublikasi IIV Akademiyasi vakillari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda Hamdo‘stlikka a’zo davlatlarda ta’lim integratsiyasini kuchaytirish, ichki ishlar organlari uchun malakali rahbar kadrlar tayyorlash, bu borada hamkor o‘quv muassasalari o‘rtasida o‘zaro tajriba almashinuvini kengaytirish orqali ijobiy yondashuvlarni ommalashtirish, raqamli ta’limni keng joriy qilish, global tahdidlar va transmilliy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha zamonaviy yondashuvlarni ishlab chiqish va boshqa dolzarb masalalar muhokama qilindi. Assotsiatsiyaga a’zo ta’lim muassasalarining mazkur sohaga oid ilg‘or tajribalari bilan tanishildi.   

Shuningdek yig‘ilish ishtirokchilari istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlar yuzasidan fikr almashdilar. Hamkor muassasalar geografiyasini kengaytirish, o‘zaro tenglik va manfaatdorlik tamoyillariga asoslangan hamkorlikni yanada mustahkamlash ta’lim samaradorligiga xizmat qilishi ta’kidlandi. Shu kuni O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi assotsiatsiya doimiy a’zoligiga qabul qilindi. Qozog‘iston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Huquqni muhofaza qiluvchi organlar akademiyasi va O‘zbekiston Respublikasi IIV Malaka oshirish instituti esa assotsiatsiyaning kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lishdi. Assotsiatsiyaning navbatdagi yig‘ilishiga Rossiya Federatsiyasi IIV Boshqaruv akademiyasi mezbonlik qiladi.

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

 

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech