Joriy yilning 27-iyunidan Ichki ishlar vazirligi akademiyasida “Abituriyent–2022” tadbiri boshlandi. Ayni kunlarda ta’lim muassasasida o‘qish istagini bildirgan nomzodlar maxsus kasbiy tanlov hamda yakka tartibdagi yakuniy suhbatdan iborat jarayonlarda ishtirok etishmoqda.
Aytish joizki, bu yil Akademiyaning kunduzgi ta’lim shakliga 3 mingdan ziyod nomzod hujjat topshirdi. Nomzodlarning aksariyatini vazirlik akademik litseylari, harbiy akademik litseylar bitiruvchilari, shuningdek ichki ishlar organi xodimlari, profilaktika inspektori yordamchilari hamda fuqarolik ta’lim muassasalari bitiruvchilari tashkil etadi.
Kirish imtihonlari oldidan abiturientlar uchun barcha shart-sharoitlar yaratildi. Nomzodlarga Akademiya yotoqxonasidan alohida turar-joylar ajratildi. Imtihon jarayonlarining ochiq va shaffof o‘tishini ta’minlash maqsadida videokuzatuv moslamalari o‘rnatildi. Abituriyentlarning ovqatlanishi va kirish imtihonlariga tayyorgarlik ko‘rishi uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratilib, sanitariya-gigiyena talablari kuchaytirildi.
Qabul komissiyasi vakillarining ta’kidlashicha, “Abituriyent–2022” tadbiri uyushqoqlik bilan tashkil etilmoqda. Respublikamizning har bir ma’muriy-hududiy birligi (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri)dan kelgan nomzodlar uchun uch kun ajratilgan. Dastlab, har bir nomzod mutaxassislar tomonidan harbiy-tibbiy komissiya tekshiruvidan o‘tkaziladi. Sog‘ligining holatiga ko‘ra o‘qishga yaroqli deb hisoblangan nomzod psixofiziologik o‘rganish, yozma ish (bayon), umumjismoniy tayyorgarlik hamda chet tillarini o‘zlashtirganlik darajasini baholovchi sinovlarda ishtirok etadi. Maxsus kasbiy tanlov davomida 60 va undan yuqori ballni to‘plagan nomzodlarga yakka tartibdagi yakuniy suhbatda ishtirok etish imkoniyati berilmoqda.
Yakka tartibdagi yakuniy suhbatda esa abituriyentlarning huquqshunoslik, O‘zbekiston va jahon tarixi, adabiyot, ma’naviyat asoslari va milliy istiqlol g‘oyasi hamda tarbiya fanlaridan egallagan bilim salohiyati imtihon qilinmoqda.
Shuni ham aytish kerakki, maxsus kasbiy tanlov hamda yakka tartibdagi yakuniy suhbat jarayonida nomzodlar olgan ballar shu yerning o‘zida e’lon qilinyapti. Mazkur natijalar bilan “akadmvd.uz” rasmiy veb-sayti orqali tanishib borish imkoniyatining yaratilgani esa o‘qish istagidagi yoshlar va ularning ota-onalari uchun qo‘shimcha qulaylik yaratmoqda.
Kirish imtihonlari 10-iyul kuniga qadar davom etadi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati