Samarqand yurtimizning turizm markazlaridan biri sanaladi. Ko‘hna va zamonaviy sivilizatsiya tutashgan shahar nafaqat xorijiy, balki mahalliy sayyohlar bilan hamisha gavjum.
IIV Akademiyasining bir guhur xodimlari va iqtidorli kursantlari Samarqandga sayohat qilishdi. Ichki turizmni rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan tadbir davomida sayyohlar boqiy shaharning noyob tarixiy-me’moriy ansambllarini tomosha qildilar.
Ayniqsa sohibqiron Amir Temur va temuriylar davri yodgorliklari, Registonning umrboqiy salobati, Movarounnahr ilm-fani taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk allomalar hayoti va ularning boy ilmiy merosi bilan tanishuv ulkan taassurot uyg‘otdi.
– Samarqanddagi nodir osori-atiqalar kishiga o‘zgacha zavq ulashadi. Shu bois, bu yerga kelgan inson shaharni takror va takror tomosha qilgisi keladi. Sayohat chog‘ida Shohizinda yodgorligi, Amir Temur, Bibixonim, Xo‘ja Doniyor, Oqsaroy maqbaralari, Hazrati Hizr ziyoratgohi tarixi bilan yaqindan tanishdik, – deydi Akademiya kursanti Dono Olimova.
Shu kuni Akademiya vakillari Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasida bo‘lib, ichki ishlar organlari faoliyatiga joriy qilingan zamonaviy yondashuvlarni ko‘zdan kechirdilar.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati