Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

“Ichki ishlar organi xodimi bo‘laman!”

28 Oktyabr 2022, 11:10

1472

Ichki ishlar vazirligi akademiyasida yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi.

Tadbirda vazirlikning Toshkent shahri va viloyatidagi akademik litseylari, ixtisoslashtirilgan maktab-internati hamda Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 121-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilari ishtirok etdi.

O‘quvchilar Axborot-resurs markazi, saf maydoni, sport majmuasi, Ma’naviyat va ma’rifat markazidan joy olgan muzeylar, ayniqsa “Vatanparvarlik burchagi”ni ko‘zdan kechirib, o‘quv dargohining tarixi va buguni haqida taassurotga ega bo‘lishdi. Kursantlarning kasbiy bilim va ko‘nikmalarni egallashi, sport bilan shug‘ullanishi, ma’naviy-madaniy hordiq olishi uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida ma’lumot berildi.

– Ichki ishlar xodimi bo‘lish kelajakdagi ulkan maqsadim, – deydi IIV ixtisoslashtirilgan maktab-internati o‘quvchisi Zafar Ergashev. – Akademiyada yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlarni ko‘rib, kursant akalarimga havas qildim. Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur kabi buyuk sarkarda bobolarimiz jasoratiga atab bunyod etilgan sinfxonalar, ichki ishlar tizimida samarali xizmat qilgan ustozlarning ibratli faoliyati tanlagan kasbimizga bo‘lgan sadoqatimizni yanada kuchaytirdi.

Tadbir davomida o‘quvchilar ishtirokida davra suhbati ham tashkil qilindi. Soha faxriysi, iste’fodagi polkovnik Sulaymon Valiyev el-yurt tinchligi va osoyishtaligi yo‘lida xizmat qilishning o‘ziga xos mas’uliyati, tizimda amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar, ayniqsa ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy va jangovar-jismoniy tayyorgarligini yuksaltirish borasida olib borilayotgan tizimli ishlarga to‘xtalib, Akademiyada yo‘lga qo‘yilgan zamonaviy ta’lim jarayonlari haqida so‘zlab berdi. Iste’dodli kursantlar tomonidan tayyorlangan konsert dasturi tadbirga yakun yasadi.

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

 

 

 

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech