IIV Akademiyasida “Shogirdlar kamoli – ustozlar saodati” mavzuyida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati kafedrasi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirga fidoyi ustozlardan yuridik fanlar doktori, professor Axtam Tursunov, Odina Zokirova, Faxriddin Muhitdinov va Nargiza Ashurovalar taklif etildi.
Uchrashuvda ustoz-shogirdlik an’analarining ahamiyati, yosh avlod ta’lim-tarbiyasidagi o‘rni, ichki ishlar organlari uchun professional kadrlar tayyorlashda ustoz-murabbiylar zimmasidagi ulkan mas’uliyat, bu o‘rinda yoshlardan talab etiladigan fazilatlar haqida so‘z bordi.
– Inson o‘zini anglagan davrlardan boshlab o‘qib-o‘rganishga, kelajakka intilishga harakat qiladi, – dedi huquqshunos olim Axtam Tursunov. – Ammo ustozlarining beminnat ko‘magi tufayli olgan ilmu ma’rifatining asl mahzanini anglaydi, hayotda o‘z o‘rnini topadi. Zamon shiddat bilan o‘sgani sayin, pedagoglar zimmasidagi mas’uliyat ham ortib bormoqda. Ya’ni ustozlik maqomiga erishgan har bir inson yoshlar talabiga javob bera olishi kerak. Shunda ustoz-shogird munosabatlari o‘z mevasini beradi.
Tadbir qizg‘in muloqot tarzida o‘tdi. Yoshlar ustozlari bosib o‘tgan umr yo‘llari, erishgan yutuqlari, ilm yo‘lidagi mashaqqatning ulkan muvaffaqiyatlari haqida qimmatli maslahatlar olishdi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati