IIV akademiyasi professor-o‘qituvchilari tomonidan Navoiy viloyatining kriminogen vaziyati og‘ir mahallalari o‘rganilmoqda.
Ma’lumki, bu borada davlatimiz rahbarining alohida qarori qabul qilinib, mahallalarda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berilgan edi.
Shundan kelib chiqib, ishchi guruh vakillari kriminogen vaziyati murakkab hududlarga chiqqan holda har bir jinoyatning asl omillarini tahlil qilishmoqda. Hozirga qadar “qizil”, “sariq” toifaga kiritilgan 20 ta mahalla o‘rganildi. Jinoyatlar ko‘p sodir etilayotgan hududlarda 14 ta “jinoyat o‘chog‘i” aniqlandi. Mas’ullar bilan birgalikda huquqbuzarliklarning sabab va sharoitlari muhokama qilinib, kriminogen vaziyatni yaxshilashga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Jinoyatchilikni jilovlashda ilg‘or yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etish ijobiy natija beradi. Hududlarni o‘rganish jarayonida “mahalla yettiligi” a’zolari uchun sayyor mashg‘ulotlarning tashkil qilinayotgani bu borada ayni muddao bo‘lmoqda.
Aytish joizki, shu kungacha Navbahor, Karmana tumanlari hamda Zarafshon va Navoiy shaharlarida tizimli ishlar amalga oshirildi. “Qizil”, “sariq” toifadagi barcha mahallalar o‘rganib bo‘lingach, yangi tajribalar amaliyotga tatbiq qilinadi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati