Shu kunlarda Respublika idoralararo ishchi guruhi tomonidan Farg‘ona viloyati bo‘ylab o‘rganishlar olib borilmoqda.
Mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, aholining barcha qatlamlari muammolarini o‘rganish, mavjud masalalarni hal etish maqsadida amalga oshirilayotgan o‘rganishlarga Ichki ishlar vazirligi akademiyasi professor-o‘qituvchilari ham jalb qilingan.
Xususan, akademiya vakillari tomonidan hududlarning kriminogen vaziyati, jinoyatchilik sabablari, bunga imkon berayotgan shart-sharoitlar, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar ilmiy-amaliy yondashuvlar asosida tahlil qilinmoqda.
O‘tgan qisqa vaqt mobaynida “Qo‘rg‘oncha”, “Furqat”, “Miltiqsoz”, “Yulduz”, “Yoshlar”, “Beshbola” va boshqa mahallalarning kriminogen ahvoli o‘rganildi. Muammolar joylarning o‘zida muhokama qilinib, faoliyat samaradorligini oshirish bo‘yicha mas’ullarga amaliy tavsiyalar berildi.
Bundan tashqari, akademiya professor-o‘qituvchilari tomonidan tuman-shahar ichki ishlar hamda milliy gvardiya bo‘limlarining o‘rta bo‘g‘in rahbarlari uchun mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Bunda jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jinoyatchilikni jilovlash, aholi bilan manzilli ishlash borasidagi ustuvor vazifalar, mazkur faoliyatni tashkil etishning samarali mezonlari tushuntirilib, rahbar kadrlarning boshqaruv salohiyati oshirildi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati