Hozirgi davrda xorijiy tillarni o‘rganish va bilishning ahamiyati tobora oshib bormoqda. Har bir soha vakili yetuk mutaxassis bo‘lishi uchun o‘z ona tilidan tashqari, dunyo tillaridan kamida ikki-uchtasini bilishi shart.
Ichki ishlar vazirligi akademiyasida ayni shu masalaga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universitetining Xorijiy filologiya fakulteti bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirda soha mutaxassislari, tadqiqotchilar, Akademiya o‘qituvchilari va kunduzgi ta’lim kursantlari ishtirok etdi.
Mamlakatimizda xorijiy tillarni o‘rgatishni ta’lim siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida rivojlantirish, ushbu yo‘nalishda ta’lim sifatini tubdan oshirish, sohaga malakali pedagoglarni jalb etish hamda aholining xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishini oshirish borasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz tomonidan 2021-yil 19-mayda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorda xorijiy tillarga o‘qitish sifatini oshirish borasida qator vazifalar belgilandi.
– Akademiyamizda xorijiy tillarni mukammal o‘rgatishga alohida e’tibor qaratilyapti. O‘quv dasturlari doirasidagi darslardan tashqari, kafedra qoshida qo‘shimcha to‘garak va fakultativ mashg‘ulotlar ham tashkil qilingan. Natijada kursant yoshlarimiz va xodimlar orasida til bilishga qiziqish o‘sib bormoqda. Bu ham zamon talablariga javob beradigan raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash imkonini beradi, – deydi Tillarni o‘rganish kafedrasi boshlig‘i, podpolkovnik Anvar Ko‘rganov.
Davra suhbatida mazkur sohada xalqaro tajriba va zamonaviy metodlarni ommalashtirish, ichki ishlar organlari hodimlarining xorijiy tillarni bilish salohiyatini yuksaltirish, baholash mezonlarini takomillashtirish, shuningdek vazirlik tasarrufidagi o‘quv muassasalarida xorijiy tillarni o‘rganishga yo‘naltirilgan uzluksiz ta’limni keng joriy qilish masalalari haqida so‘z yuritildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati