Bayramlar arafasida xonadonlarimiz ostonasini ozoda, saranjom-sarishta qilish ezgu fazilatlarimizdandir, 30-aprel kuni Respublikamiz bo‘ylab “Mahalla obodligi – yurt farovonligi” shiori ostida umumxalq xayriya hashari o‘tkazildi.
Hashar davomida mahallalar, aholi turar joylari, guzarlar, xiyobonlar, moʻtabar maskanlar, bolalar maydonchalari hamda davlat tashkilotlarining bino va inshootlari atroflari tartibga keltirildi. Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi jamoasi ham umumxalq xayriya hasharida faol ishtirok etib, savobli ishlar ko‘lamiga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shdilar.
30-aprel kuni erta tongdan taʼlim muassasasi xodimlari va kursantlaridan iborat tashabbuskor guruh tomonidan Ichki ishlar vazirligiga biriktirilgan Poytaxtimizning Chilonzor tumanida obodonlashtirish tadbirlari amalga oshirildi. Umumxalq xayriya hashari doirasida tumanning “Ko‘tarma”, “Dilobod”, “Navbahor”, “Do‘mbirobod” hamda “Bostirma” mahallalari hududlarida, ariq va yo‘llar, ekinzorlar obodonlashtirilib, 12 ming tupdan ziyod mevali hamda 3579 ta manzarali ko‘chatlar ekildi. Ko‘pqavatli uylar atroflari chiqindilardan tozalandi. Devorlar, daraxt va butalarga ishlov berildi. Yerlar yumshatilib, 14 mingga yaqin turli gul ko‘chatlari ekilib, atrof chamanzorga aylantirildi.
Umumxalq xayriya hashari taʼlim muassasasining o‘zida ham davom ettirilib, hududlarda obodonlashtirish ishlari, daraxtlarni oqlash va manzarali gullarni ekish tizimli ravishda amalga oshirildi. Bu kabi xayrli ishlar o‘quv dargohida doimiy ravishda amalga oshirib boriladi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati