Prezidentimiz raisligida aholini energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlash bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan vazifalardan kelib chiqib, hududlarda tezkor shtablar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan edi.
Bugun poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumaniga biriktirilgan mas’ullar aholi muammolarini o‘rganish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida joylarga chiqishdi.
IIV Akademiyasi rahbari boshchiligidagi ishchi guruh dastlab tuman elektr ta’minoti korxonasida bo‘ldi. Tashkilot mutasaddilari, mahalla faollari, sektorlar va tezkor shtab vakillari ishtirokida aholini elektr energiyasi bilan ta’minlash holati o‘rganildi. Muloqot chog‘ida fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlarni zudlik bilan hal etish, energiya resurslaridan oqilona foydalanish, mavsumni betalofat o‘tkazish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.
Shundan so‘ng mahallalarda fuqarolar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda aholining tabiiy gaz, elektr energiyasi, kommunal va boshqa masalalarga oid murojaatlari tinglandi. Yechimini kutayotgan muammolarni bartaraf etish, fuqarolar, ayniqsa ehtiyojmand va kam ta’minlangan oilalarga har tomonlama ko‘mak berish, ularning yashash sharoitlarini yaxshilash, zarur vositalar bilan ta’minlash yuzasidan tegishli rahbarlarga ko‘rsatmalar berildi.
Mahalla ahli davlatimizning e’tibor va g‘amxo‘rligi tufayli sinovli kunlarda hech bir muammo javobsiz qolmayotgani, aholi uchun munosib sharoitlar yaratilayotgani, ijtimoiy masalalar hamjihatlikda yechim topayotganini alohida ta’kidlab o‘tishdi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati